Xitoyning KXDR bilan chegarasida joylashgan Girin provinsiyasidagi Shulan shahri rasmiylari 10-maydan boshlab shahar va uning yaqinidagi qishloqlar o‘rtasidagi har qanday transport qatnovini to‘xtatdi. Bunga koronavirus bilan bog‘liq yangi aniqlangan 13 ta holat sabab bo‘lgan, deb yozmoqda Meduza.

KXDR poytaxti Pxenyan shahridagi temiryo‘l bekati oldidagi niqob taqqan odamlar, 2020-yil 27-aprel.

Foto: Reuters

Xabar berilishicha, shaharda jamoat joylari, shu jumladan, sport inshootlari, kinoteatrlar va kutubxonalar yopilgan, aholidan esa uyda qolish talab qilinmoqda. COVID-19’ning yangi to‘lqini Shimoliy Koreyadagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan savollarni yuzaga keltirmoqda.

KXDR yanvar oyida, qo‘shni Xitoyda kasallanish soni ortgan vaqtda, o‘z chegaralarini yopgan. Shundan keyin rasmiy Pxenyan mamakat ichida hech kim kasallanmaganini ma’lum qilgan.

Bloomberg’ning yozishicha, amerikalik harbiylar Shimoliy Koreyada koronavirus bilan kasallanganlar borligini taxmin qilmoqda. Seuldagi Koreya universiteti professori Kim Sin Gonning ma’lum qilishicha, KXDR chegaralari yopilguniga qadar, 2019-yilning oxirida Xitoy bilan chegara yaqinida yuzlab kasallik holatlari aniqlangan. Bu ma’lumotning qanchalik ishonchli ekanligi esa noma’lum.

Shuningdek, KXDR epidemiyaga qarshi kurash uchun boshqa davlatlardan yordam qabul qilishga rozi bo‘lgan. “Sinxua” agentligining xabar berishicha, Xitoy Shimoliy Koreya bilan epidemiyaga qarshi hamkorlikni kuchaytirishga tayyor. KXDR haqidagi yangiliklarga ixtisoslashgan NK News nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Pekin Pxenyanga koronavirusni aniqlovchi test tizimlarini jo‘natgan. Rossiya ham KXDRga o‘z yordamini taklif qilgan.

KXDRda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday tus olayotgani oxirigacha ma’lum emas. Bunda bilvosita belgilar mamlakatda turli cheklovlar joriy qilinganini ko‘rsatmoqda. Mart oyida 5400 kishi karantindan chiqqani haqida xabar berilgan, biroq qancha odam karantinda qolgani noma’lum. Aprel oyida Pxenyanda asosiy iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan talabning oshib ketishi natijasida do‘konlar peshtaxtalari bo‘shab qolgan. Bundan tashqari, KXDR yetakchisi Kim Chen Inning 20 kun davomida ko‘rinmay qolgani haqidagi xabarlar u pandemiya sababli o‘zini izolyatsiya qilgani bo‘lishi mumkinligi bilan izohlangan.

Bloomberg’ning yozishicha, Xitoy va KXDRning 1420 kilometrli chegarasida savdogarlar yillar davomida noqonuniy mahsulotlarni olib o‘tgan hududlar mavjud. Agentlikning taxminiga ko‘ra, mazkur kishilar infeksiyaning KXDRdagi tarqatuvchilari bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, CNN telekanali AQSh KXDR yetakchisi Kim Chen Inning sog‘lig‘i jarrohlik amaliyotidan so‘ng yomonlashgani to‘g‘risidagi razvedka ma’lumotlarini o‘rganayotganini ma’lum qilgandi. Daily NK’ning yozishicha, Kim Chen Inda 12-aprel kuni yurak-qon tomir tizimiga bog‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Biroq AQSh prezidenti Donald Tramp Kim Chen Inning sog‘lig‘i yomonlashgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar xato ekanligini bildirib, CNN’ga doim ham ishonavermasligini aytgan. 27-aprel kuni Janubiy Koreya prezidenti maslahatchisi KXDR yetakchisi soppa-sog‘ ekanligini ma’lum qilgan. 2-may kuni Shimoliy Koreyada hukmron Mehnat partiyasining matbuot organi bo‘lgan Rodong Sinmun gazetasi KXDR rahbari Kim Chen Inning o‘g‘it zavodi ochilishida tushgan fotosuratlarini e’lon qildi.