Moskvada 15-maydan boshlab koronavirusga antitanani aniqlash uchun aholi yangi usulda bepul ommaviy skriningdan o‘tkaziladi. “RIA Novosti”ning xabar berishicha, bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin o‘zining saytida ma’lum qilgan.

Foto: “RIA Novosti”

“Muhim va noyob amaliyot. Bunday ishlar dunyoning hech bir joyida, biror-bir mamlakatida amalga oshirilmagan. Bunday ko‘lam va tizim hali hech qayerda yaratilmagan. Moskva buni dunyoda birinchi bo‘lib shunday ko‘lamda va tizimda amalga oshirmoqda. Tabiiyki, biz buni imkon qadar ochiq o‘tkazamiz”, — degan Sobyanin.

Uning aytishicha, olingan ma’lumotlar tahlil qilinib, ular asosida Moskvada cheklov choralarini uzaytirish yoki yumshatish masalasi hal qilinadi.

Bir necha kun davomida har kuni, taxminan, 70 ming moskvalik bepul tahlil topshirish uchun taklif qilinadi.

Ma’lumot uchun, Moskva Rossiyada koronavirus tarqalishi bo‘yicha yetakchi shahar bo‘lib turibdi. Rossiyada so‘nggi bir sutkada 9974 kishida koronavirus qayd etilgan bo‘lsa, shundan 4217 tasi Moskva shahriga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Sergey Sobyanin turli aholi guruhlarining skrining tadqiqotlari asosida Moskva aholisining 2 foizi koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, bu pandemiya tarqalgan dunyo shaharlari orasida eng past ko‘rsatkichdir.

Shuningdek, Moskvadagi barcha tibbiyot xodimlarining COVID-19’ga qarshi immuniteti tekshirilishi, Rossiyada COVID-19 tashxisini qo‘yuvchi 17 ta test davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani xabar berilgan edi.