Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardobada 1-may kuni yuz bergan falokatdan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash ishlari bilan tanishish uchun 15-may kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi.

Tashrif chog‘ida Prezident Sardoba tumanida mahalliy aholi vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, suv toshqinidan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga O‘zbekiston Prezidentidan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Alisher Usmonov ajratgan 10 million dollar xayriya mablag‘i ham shunga yo‘naltirilgan. Sirdaryo viloyatiga ko‘mak uchun hokimliklar, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda tadbirkorlar ham yordam ko‘rsatgan.

Uchrashuvda qatnashgan sardobaliklarga tegishli sertifikat va bank kartochkalari tarqatildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avvalroq Alisher Usmonov ajratgan 10 million dollar suv toshqinidan jabr ko‘rgan sirdaryoliklarga Ramazon Hayitigacha tarqatilishi ma’lum qilingandi.