Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 1 800 ga yaqin beton panelli kottej mavjud bo‘lib, ular suv toshqinidan ko‘p zarar ko‘rmagan. Prezident matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, ularni zamonaviy ta’mirlab, o‘z egalariga topshirish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani aholisi bilan uchrashuvda, 2020-yil 15-may.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu maqsadda O‘zbekistonning barcha hududlaridan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari boshchiligida 305 ta qurilish tashkiloti va 12 mingga yaqin quruvchilar Sirdaryoga yetib kelgan.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov (chapdan birinchi), Qashqadaryo rahbari Zoir Mirzayev (chapdan ikkinchi), Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov (chapdan uchinchi) va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani aholisi bilan uchrashuvda, 2020-yil 15-may.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oqoltin tumanidagi “Shodlik”, “Saxovat”, “Ahillik” mahallalarida va “Uchtom” aholi punktida jami 657 ta kottej ta’mirlanadi. “Shodlik” mahallasidagi uylar Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatiga, “Ahillik” mahallasi va “Uchtom” aholi punkti Surxondaryo viloyatiga, “Saxovat” mahallasidagi turar joylar Toshkent shahriga biriktirilgan.

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida 1-may toshqinidan so‘ng ta’mirlangan xonadon, 2020-yil 15-may.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, Mirzaobod tumanidagi “Navbahor”, “Haqiqat” va “Yangiovul” mahallalarida jami 616 ta kottej ta’mirlanadi. Mirzaoboddagi qurilish-ta’mirlash ishlariga Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari quruvchilari biriktirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi toshqindan so‘ng ta’mirlangan xonadonda uning egalari bilan muloqot qilmoqda, 2020-yil 15-may.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avvalroq 15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sardobaliklar bilan uchrashuvda suv toshqini oqibatida zarar ko‘rgan uylar davlat tomonidan bepul ta’mirlab berilishini, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qolishini ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, shu kuni suv toshqinidan jabr ko‘rgan 4,5 mingdan ortiq xonadon egalariga 40 million so‘mlik moddiy yordam sertifikati, maishiy texnika to‘plami uchun sertifikat va ichida pul mablag‘i bo‘lgan bank kartochkalari tarqatilishi ma’lum qilindi.