Xitoyda o‘tgan bir sutka ichida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 4 ta va kasallik belgisiz o‘tayotgan 11 ta holat aniqlandi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasiga tayanib.

Foto: “RIA Novosti”

Kasallanganlarning 14 nafari sog‘aygan. Vafot etish holati qayd etilmagan.

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon mamlakatda 84 029 kishi virus yuqtirib olgan, ularning 79 263 nafari sog‘aygan, 4637 nafar bemor vafot etgan. Shuningdek, yana 11 kishida kasallik alomatlarsiz kechayotgani aniqlangan. Umumiy hisobda bunday kishilarning yana 619 nafari shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi 29-mart kuni mamlakatda epidemiya tarqalishi deyarli to‘xtaganini ma’lum qilgandi. Biroq mart oyining oxirida Xitoy fuqarolarining boshqa mamlakatlardagi epidemiologik vaziyat yomonlashishi sababli o‘z vatanlariga faol ravishda qaytishni boshlagani tufayli kasallikning chetdan kelishi holatlari xavf tug‘dira boshladi. Natijada Xitoyda koronavirusning chetdan kelishi bilan bog‘liq jami 1 692 ta holat qayd etilgan. Ularning 1 646 nafari sog‘aygan, kasalxonalarda yana 48 kishi qolmoqda.

Janubiy Koreyada esa so‘nggi sutkada koronavirusga chalinganlar soni 27 kishiga oshib, kasallanganlarning umumiy soni 11 018 kishiga yetdi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi (KCDC) ma’lumotlariga tayanib. Epidemiya boshlanganidan buyon 9 821 kishi tuzaldi, 260 nafari vafot etdi.

Yangi kasallanish holatlari ko‘payishiga koronavirus borligi gumon qilingan va keyinchalik tasdiqlangan 29 yoshli yigitning 2-mayga o‘tar kechasi Kyongido provinsiyasidagi Yonin shahridan Seulning odam gavjum bo‘lgan Itxevon hududiga borgani va u yerda bir nechta klub va barlarga kirgani sabab bo‘lgan. Klublardagi boshqa shaharlardan dam olgani kelgan bir qator shaxslar ham virus yuqtirib olgan. Ayni paytda klubda bo‘lganlar yoki ularning yaqinlarining 131 nafarida virus aniqlangan.

Shuningdek, koronavirusga chalinganlar 29 yoshli yigit tashrif buyurmagan klublarda ham aniqlangan. Ularning ayrimlarida kunlik tashrif buyuruvchilar soni 1 500 kishidan oshadi. Shundan kelib chiqib hukumat ularga noma’lum bo‘lgan virus o‘choqlari borligini taxmin qilmoqda.

Seul administratsiyasi 24-apreldan 6-maygacha Itxevondagi klublarga tashrif buyurgan 5 517 ortiq kishidan iborat ro‘yxatni tayyorlab, hozirda ularning 2 400 dan ortig‘i bilan aloqa o‘rnatgan. Qolganlari bilan ham aloqa o‘rnatishga harakat qilinmoqda.

Mamlakatda so‘nggi sutkada 59 nafar bemor sog‘aydi. Kasallikdan vafot etish holatlari qayd etilmadi. Shuningdek, kamida 440 kishining organizmida ular tuzalganidan keyin ham virus saqlanib qolgani qayd etilgan.

Janubiy Koreya 6-maydan boshlab faqat ehtiyotkorlik va profilaktika choralariga rioya qilishni ko‘zda tutuvchi “kundalik hayotdagi karantin” rejimiga o‘tib, maktab va jamoat muassasalari odatiy faoliyatiga qayta boshlagandi. Kasallanganlar soni yana ortishi kutilayotgani sababli hukumat bu jarayonni 1 haftaga kechiktirdi. Barcha klublar va ko‘ngilochar maskanlarni 7-iyunga qadar yopish to‘g‘risidagi tavsiya bilan chiqdi, Seul ma’muriyati esa bunday muassasalarni majburiy ravishda yopish to‘g‘risida buyruq chiqardi.