Xalqaro press-klubning Sardobadagi falokatga bag‘ishlangan sessiyasida Bosh prokuratura matbuot xizmati boshlig‘i Hayot Shamsutdinov Sardoba fojiasi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi haqida ma’lumot berdi.

Kadr: Facebook

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1-may kuni Sardoba suv ombori o‘pirilishi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-modda 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 258-modda 2-qismi “b” bandi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sardoba suv ombori hukumatning 2010-yilgi qarori asosida Sardoba, Mirzaobod va Xovos tumanlari hududida barpo etilgan bo‘lib, umumiy sig‘imi 974 million kub metr (foydalanish hajmi — 922 million kub metr)ni tashkil qiladi. To‘g‘onning maksimal balandligi 33 metrga teng.

Sardobadagi obyekt buyurtmachisi — “Sirdaryo qurilish invest” DUK. Bu sobiq Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi 15-sonli qurilayotgan obyektlar birlashgan direksiyasi bo‘la turib, bosh pudratchi sifatida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” UK qatnashgan. Qurilish ishlariga 28 ta subpudratchi jalb etilgan. Loyihachi sifatida “UZGIP” MChJ ishtirok etgan, loyihasi qiymati 1,2 trillion so‘mni tashkil qilgan. Moliyalashtirish manbasi budjet mablag‘lari hisobidan bo‘lgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligining malakali va tajribali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tashkil qilingan. Jinoyat ishi quyidagi asosiy tergov taxminlar bo‘yicha tekshirilmoqda:

  • loyihalashdagi xatoliklar;
  • qurilish me’yorlariga rioya etmaslik;
  • ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar;
  • tabiiy ofat.

“Tergov taxminlarini tekshirish maqsadida dastlabki tergov davomida jami 170 nafardan ziyod shaxs tergov guruhi a’zolari tomonidan guvoh tariqasida so‘roq qilinib, suv omborini loyihalashtirish, qurilishi va ekspluatatsiya qilish jarayonlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar olindi. Jinoyat ishi doirasida 10 tadan ortiq ekspertiza va laboratoriya tahliliy tadqiqotlar tayinlandi”, — deydi Hayot Shamsutdinov.

Ta’kidlanishicha, to‘g‘onning hozirgi holatini o‘rganish, suv va tuproqning fizik xossalarini aniqlash maqsadida taftish va nazorat o‘lchovlari, qurilishda amalga bajarilgan ishlar, foydalanilgan materiallar sifati va miqdorini aniqlash uchun sudga oid qurilish-texnikaviy ekspertiza tayinlangan.

Bundan tashqari, jinoyat ishi bo‘yicha 25 dan ziyod tegishli idora vakillaridan iborat mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, hozirda tadqiqotlar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori to‘g‘onining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgandi. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan, hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan, shuningdek, 6 nafar fuqaroning tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgani aniqlandi.