Oxirgi paytlarda koronavirus maxsus laboratoriyalarda sun’iy yaratilgani va uning nazoratdan chiqib ketgani tufayli yalpi pandemiya kelib chiqqani haqida gap-so‘zlar ko‘paydi. Hatto rasmiy shaxslar tarafidan ham G‘arb davlatlari razvedkasi COVID-19 Xitoy laboratoriyalarida yaratilgani haqidagi axborotni aniqlagani to‘g‘risida gaplar aytildi. Ular Xitoyni faktlarni yashirishda va dalillarni yo‘q qilishda ayblamoqda. Donald Tramp esa Xitoy ma’muriyati va JSST rahbariyatini javobgarlikka tortish kerak degan talabni ham qo‘ydi. Xo‘sh, aslida nimalar bo‘lyapti? Aybdor kim o‘zi? “Daryo” Mash nashri e’lon qilgan mavzuga oid maqolani taqdim etadi.

Foto: Google Photos

Mayning dastlabki kunlarida Avstraliyaning The Saturday Telegraph nashrida qiziq bir xabar e’lon qilindi. Unda aytilishicha, nashr ixtiyorida hajmi 15 sahifalik qandaydir doklad bor edi. Doklad muallifi “Besh ko‘z” deb nomlangan tashkilot bo‘lib, u o‘zida besh mamlakat – Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya va AQSh harbiy kuchlarini birlashtiradi. O‘sha dokladda qayd etilishicha, Xitoy hukumati koronavirusning xatari haqida nafaqat oldindan bilgan, balki bila turib uning ko‘lami haqidagi ma’lumotlarni atayin yashirgan va dalillarni yo‘q qilgan.

Avstraliyada o‘sha doklad bosmadan chiqishi bilan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo koronavirus laboratoriyada yaratilganini tasdiqlovchi ko‘plab dalillar mavjudligi haqidagi bayonot bilan chiqdi. Shuningdek, u Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbariyatini almashtirish kerak, deb ham aytdi. Gap shundaki, JSSTning Xitoyga haddan ziyod xayrixohligi tufayli Amerika hukumati bu tashkilotga nisbatan anchadan buyon e’tirozlar bildirib keladi. Pandemiya esa bu boradagi ziddiyatni yanada oshirib yubordi.

Axborot manbalari esa bu borada kimga ishonishni ham bilmayapti. G‘arb davlatlari razvedkasi ma’lumotlari bir-biriga zid kelmoqda. AQSh Xitoyga ishonmayapti, JSST esa AQShga, Xitoy esa umuman hech kimga ishonmayapti va shifokorlarni koronavirus manbayini tekshirish ishlariga ruxsat bermayapti. Xo‘sh, kimga ishonish kerak?

“Besh ko‘z” dokladida nima haqida yozilgan?

Avvaldan aytib o‘tamizki, hech qanaqa dokladni hech kim o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani yo‘q.Ochiq manbalardan uni topa olmaysiz. Avstraliyadagi bir gazetaga u qandaydir tarzda kelib qolgan va gazeta esa sizdirilgan ushbu dokladning qisqacha mohiyatini e’lon qilgan. Shunga qaramay unga qiziqish katta.

Uxanda virusologiya instituti mavjud. Ushbu institut tarkibida Shi Chjenli ismli ayol rahbarlik qiladigan “Infeksion kasalliklar manbayi markazi” nomli markaz ham bor. Va ushbu institutda aynan ko‘rshapalaklarda uchraydigan SARS turidagi viruslar tadqiq qilingan (koronavirusning ilmiy nomi SARS-CoV-2). Shu jumladan, tadqiqotlarda Uxandagi g‘orlarda yashaydigan ko‘rshapalaklar o‘rganilgan. Shu sababli ham Shi Chjenlini batwoman (“ko‘rshapalak ayol”) deyishadi.

Uxanda ushbu yoqimsiz mavjudotlarni tadqiq qilish bilan anchadan buyon, nolinchi yillar o‘rtalaridan beri shug‘ullanishadi. Boz ustiga Avstraliyadagi ilmiy dargohlar xitoyliklar bilan hamkorlik qilib kelgan va Shi Chjenli 2006-yilda Avstraliyada uch oy istiqomat qilib, ilmiy faoliyat olib borgan. Uning yaqin hamkasbi Peng Ju esa o‘z doktorlik dissertatsiyasini aynan Avstraliyada himoya qilgan. Avstraliyaning ushbu sohada faoliyat yurituvchi CSIRO federal agentligi Xitoy bilan bu borada hanuz hamkorlik qilyaptimi, yo‘qmi degan savol ochiq qolgan, ular izoh berishdan bosh tortgan.

2013-yilda Shi Chjenli boshchiligidagi ilmiy guruh Uxan provinsiyasida yashovchi ko‘rshapalaklarda uchraydigan koronavirus namunalarini olishga muvaffaq bo‘ldi. O‘sha koronavirus namunasi hozirgi pandemiya sababchisi bo‘lgan COVID-19 virusi bilan 96,2 foizga bir xildir.

2019-yil martida esa Shi Chjenli va uning hamkasblari hammuallifligida “Uxan ko‘rshapalaklaridagi viruslar” nomli ilmiy maqola e’lon qilindi. O‘sha maqolaning kirish qismida mualliflar “Kelajakdagi ehtimoliy virus o‘choqlari va virusning bir turdagi jonzotdan boshqasiga o‘tishi potensialini prognoz qilish maqsad qilingan” deb qayd etdi. Pandemiyadan bir yil muqaddam ushbu ilmiy guruh “Kelajakda paydo bo‘ladigan SARS va MERS singari koronaviruslar epidemiyasining manbayi ko‘rshapalaklar bo‘lishi ehtimoli katta, shuningdek, epidemiyaning dastlabki o‘chog‘i Xitoy bo‘lishi ehtimoli juda yuqori”, deb yozgan edi.

2015-yil martida esa ushbu ilmiy guruhning AQShdagi Shimoliy Karolina universiteti olimlari bilan birgalikdagi tadqiqoti natijalari ham ilmiy maqola ko‘rinishida chop etildi. O‘shanda ham mualliflar SARS viruslari odamga kemiruvchilardan va aksincha o‘tishi mumkinligi va hozirgi kungacha ushbu virusga qarshi davo chorasi yo‘q ekani haqida yozib qoldirdi.

Hozirgi vaziyat haqida-chi? The Saturday Telegraph nashrining yozishicha, koronavirus infeksiyasi tarqala boshlashi bilan Xitoy kasallik haqidagi ma’lumotlarni yashira boshladi. Aytilishicha, virusning laboratoriyada saqlanayotgan genetik namunalari olib qo‘yildi va yo‘q qilib yuborildi; virusni tadqiq qilish bilan shug‘ullangan olimlar ham yo‘qolib qola boshladi (masalan, Xaun Yan Ling ismli olimni hamon topa olishmayapti); Xitoy hukumati yanvar oyidayoq kompaniyalarga test o‘tkazishni taqiqladi va tayyor testlar esa yo‘q qilib tashlandi. Internetdagi “Uxan pnevmoniyasi”, “dengiz hayvonlari bozori” singari qidiruv so‘rovlari esa cheklandi. Politsiya “provinsiyadagi sirli pnevmoniya haqida gap tarqatgani uchun” sakkiz nafar fuqaroni hibsga oldi.

Xo‘sh, shunday doklad haqiqatan ham mavjudligiga ishonsa bo‘ladimi?

The Saturday Telegraph yozgan ma’lumotlarning ma’lum qismini ochiq manbalardan topib tekshirib ko‘rish mumkin. Masalan, Shi Chjenli ismli olima haqiqatan ham bor, u ko‘p marta OAVda chiqishlar qilgan, intervyular bergan, ilmiy nashrlarda uning muallifligidagi maqolalar haqiqatan ham mavjud.

Lekin The Saturday Telegraph nashrida o‘sha doklad haqida maqola yozgan mualliflarning o‘zidan boshqa hech kim bunday dokladni ko‘rmagan. The Guardian nashri esa “Besh ko‘z” tashkiloti mutasaddilarining bunday dokladdan bexabar ekani, uni inkor qilishgani haqidagi raddiyani ham bosib chiqardi.

Jahon ilmiy doiralari esa virus tabiiy ravishda kelib chiqqaniga ishonmoqda. Uxan instituti bilan hamkorlik olib borgan amerikalik olimlar ham virus tabiiy ravishda kelib chiqqaniga shubha qilishayotgani yo‘q. Va hatto AQSh razvedkasi ham “koronavirusni odam yaratmagan” deya tasdiqlamoqda. Biroq Xitoy hukumatining xatti-harakatlari borasida gap ochilganda bunday yakdillik yo‘qqa chiqmoqda. Bunday paytda ko‘pchilik vaziyat shubhali tuyulmoqda, degan fikrni aytyapti.

Amerikaliklar-chi?

Donald Tramp o‘zining har bir bayonotida koronavirusni koronavirus deb emas, balki “Uxan virusi” deb atamoqda. Va u Xitoyni ayblashda davom etyapti. U hattoki ushbu ta’rifni “Katta beshlik” mamlakatlari rezolyutsiyasiga ham kiritishga chog‘lanib ko‘rdi. Lekin “Katta beshlik”dagi boshqa mamlakatlar bunga ko‘nmadi.

Yaqindagina o‘tkazilgan brifingda esa AQSh prezidenti virus aynan Uxan laboratoriyasida yaratilganiga ishonish uchun o‘zida jiddiy asoslar borligini ma’lum qildi va JSST Xitoy uchun piar xizmatchisi singari vazifa bajarayotganini aytdi. “Buning uchun JSST rahbariyati uyalishi kerak”, deb ham ta’kidladi.

Fox News kanali Uxan instituti xodimlarini “nolinchi raqamli bemorlar” deb atadi. Shtatlarning Ichki xavfsizlik departamenti razvedkasi esa Xitoy epidemiya boshlanishidan avval o‘zi eksportga chiqarayotgan tibbiy buyumlar hajmini ongli ravishda qisqartirib, aksincha xorijdan tibbiy mahsulotlar importini oshirganiga diqqat qaratdi. Bu orqali Ichki xavfsizlik departamenti razvedkasi Xitoyni epidemiya xatari haqida boshqalarga indamay, o‘zi tayyorgarlik olib borgan deb aybladi. Shunga qaramay, razvedka pandemiya bo‘yicha eng katta javobgarlik baribir JSST bo‘yniga tushishini ta’kidladi.

Nega Xitoy va JSST bunchalik o‘zaro yaqin?

Yaqinda AQSh JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatdi, qo‘shimchasiga davlat kotibi Pompeo tomonidan JSST rahbariyatini almashtirish kerak, degan fikr yangradi. Bu boradagi AQShning tutgan pozitsiyasi tufayli “Katta yigirmalik” davlatlarining rejalashtirilgan videosammiti barbod bo‘ldi. Amerika hukumati JSSTdan 190 ming nafar odam o‘limiga sabab bo‘lgan o‘z harakatlarini (ularning ta’biri bilan aytganda, “harakatsizligini”) izohlashni va bu borada alohida hisobot berishni talab qilyapti. Xitoy esa JSSTni javobgarlikka tortish haqidagi taklifning o‘zini ko‘rib chiqishdan ham qat’iy bosh tortmoqda.

Nega shunday? Xalqaro jurnalistlar JSST va Xitoy anchadan buyon bu qadar o‘zaro yaqin munosabatda ekaniga e’tibor qaratmoqda. Xitoy barcha jabhada, jumladan, jahon bo‘ylab sog‘liqni saqlash borasida ham yetakchi bo‘lish haqida orzu qiladi. Bu borada esa Xitoy hukumati o‘zi uchun JSST timsolidagi ajoyib hamkor topgan. Bu koronavirus bilan ham bog‘liq emas, balki ancha avvalroq boshlangan yaqin hamkorlikdir. Shunchaki, pandemiya tufayli ushbu vaziyatning yoqimsiz jihatlari yuzaga chiqib qoldi.

Masalan, Xitoy ko‘p yillardan beri JSSTni moliyalashtirish borasidagi o‘z ulushini muttasil oshirib kelmoqda. Hozirda JSSTni moliyalashtiradigan davlatlar ichida Xitoy o‘tkazadigan mablag‘ hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Bashang kiyingan shifokorlar (JSST aytilmoqda) esa bunga labbay deb javob beryapti. Xususan, epidemiya endi yoyila boshlagan dastlabki uch hafta mobaynida ularni ham mamlakatga yaqin yo‘latishmagan bo‘lsa-da, baribir JSSTning rahbarlari har safar o‘z intervyularini Xitoyni madh qilish bilan boshladi. Xitoy OAVlari esa o‘z lavhalarida JSST rahbarlarining ushbu ritorikasidan katta mamnuniyat bilan foydalanib kelmoqda.

Ish shungacha yetib boryaptiki, JSST Xitoyni ba’zi siyosiy masalalarda ham qo‘llab yubormoqda. Masalan, g‘arb OAVlarida tayvanlik jurnalistning JSST vakili bilan intervyusi keng tarqalib ketdi. Xitoy esa Tayvan mustaqilligini tan olmagan. Shunga ko‘ra, o‘sha intervyuda JSST tarkibidagi Tayvanning hissasi va daxldorligi haqidagi masalalarda gap ochilganda, JSST vakili shunchaki indamay turaverdi.

Shu sababli ham Amerika Xitoyning JSSTni beg‘araz qo‘llab-quvvatlayotganiga ishonmaydi. Boshqa tarafdan qaraganda bu fikr bilan AQSh o‘zi yolg‘izlanib ham qolmoqda. Chunki boshqa mamlakatlar rahbarlari tomonidan hali Xitoy—JSST munosabatlariga nisbatan e’tirozlar yangramadi. AQShning ichkarisida esa ko‘pchilik Trampning o‘zini ayblamoqda. AQShda prezident saylovlariga oz qoldi. Ehtimol, Tramp shu taxlit katta gapirish orqali o‘ziga siyosiy ochko yig‘ishga urinayotgandir?

Unda kim aybdor?

Afsuski, buni biz hali bilolmaymiz. Axborot makonidagi telba-teskari gap-so‘zlar bir-biriga zid kelmoqda. Sizdirish ketidan yana sizdirishlar ro‘y beryapti, hukumatlar bir-biriga qarshi ixtilofga borib qolyapti. Xitoy esa maksimal darajada yopiq mamlakatdir.

Xitoyga savollar bisyor. Agar virus ko‘rshapalakdan odamga yuqishi mumkinligi haqidagi ma’lumot ularda pandemiyadan bir necha yil avval ham bo‘lgan bo‘lsa, unda nega shunchalik kech ishga kirishildi? Nega Xitoy uzoq vaqt mobaynida JSSTni tekshiruvlarga yaqinlashtirmadi? Yo‘qolib qolgan shifokorlar-chi?

Hozircha bu savollarning birortasiga javob yo‘q. Lekin isbot-dalillar ham mavjud emas. Demak, mamlakat va uning rahbariyatini ayblashga asos yo‘q.