Ozarbayjonda koronavirus epidemiyasi tufayli e’lon qilingan karantin rejimi yil oxirigacha davom etishi mumkin. Bu haqda mamlakatdagi tezkor shtab a’zosi, respublika tibbiyot hududiy bo‘linmalari birlashmasining raisi Ramin Bayramliga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bergan.

Foto: Armlink

“Ozarbayjonda karantin rejimi 2020-yilning oxiriga qadar davom etishi mumkin. Odamlar shu yili karantin tartibida tibbiy niqob taqib, ijtimoiy masofalanishga rioya qilib hayot kechirishga tayyor turishi kerak”, – degan u 15-may kuni o‘tkazilgan brifingda.

Bayramlining so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonda bir sutka ichida 101 nafar kishida koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan, mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlarning umumiy soni 2980 nafarga yetgan.

“53 nafar bemor kasallikdan tuzalib, statsionar davolanishni yakunladi, shu tariqa koronavirus infeksiyasidan tuzalganlar soni 1886 nafarni tashkil qildi. 1977-yilda tug‘ilgan bir nafar bemor infeksiya oqibatida vafot etgan. Ozarbayjonda COVID-19 asoratlari tufayli o‘lganlar soni 36 nafarga yetgan. Ayni vaqtda maxsus rejimdagi kasalxonalarda 1058 nafar bemor tibbiy kuzatuv ostiga olingan. Ularning 37 nafari og‘ir, 47 nafari o‘rta, qolganlari esa qoniqarli ahvolda”, – degan Bayramli.

Hukumat rasmiysining aytishicha, Ozarbayjonda 15-may holatiga ko‘ra koronavirusga qarshi jami 220 ming 363 ta test o‘tkazilgan. Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati 13-martda kuzatilgan.

Avval Ozarbayjonda ayrim cheklovlar yumshatilishi, jumladan, parklar va dam olish markazlariga chiqish ruxsat berilib, bunda 10 nafargacha odam to‘planishi mumkinligi, ular tibbiy niqobda bo‘lishi zarurligi haqida ma’lum qilingan. Restoran, kafe va choyxonalar ham qayta ish boshlagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti butun dunyoda koronavirus infeksiyasining tarqalishi 11-mart kuni pandemiya darajasiga chiqqanini e’lon qilgan. Butun dunyoda COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarning umumiy soni 4,4 milliondan oshgan, 300 ming nafardan ko‘proq bemor kasallik oqibatida vafot etgan.