Rossiya aviatsiyasi hamda Suriya hukumati samolyotlari oxirgi oylarda muntazam ravishda mamlakat shimoli-g‘arbidagi Idlib, Xama va Halab viloyatlaridagi maktablar va kasalxonalarga aviazarbalar yo‘llagan. Bu haqda Amnesty International huquq himoyachisi tashkilotining hisobotida ma’lum qilingan. Bu haqda Meduza xabar qilgan.

Foto: AFP

Amnesty International bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yil 30-apreldan 2020-yil 29-fevralgacha bo‘lgan davrda Rossiya va Suriya hukumati qo‘shinlari 53 ta tibbiyot muassasasi va 95 ta maktabga hujum qilgan, asosan, havodan zarba berilgan, Suriya armiyasining quruqlikdagi harbiylari tomonidan ham hujumlar qilingan. Talafot ko‘rgan obyektlar BMT ma’lumotlar bazasiga kiritilgan: bazada kasalxona, maktab va boshqa ijtimoiy maqsadlardan foydalaniladigan binolarning joylashuvi haqida ma’lumotlar bor. Bu ularni nizolardan chetda turishini ta’minlash maqsadida qilingan.

2020-yilning yanvar-fevral oylarida Syrian Child Protection Network tashkiloti bergan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya va Suriya hukumati qo‘shinlari 28 ta maktabga hujum qilgan va ularda ta’lim jarayoni to‘xtab qolgan. Bir kunning o‘zida, ya’ni 25-fevral kuni 10 ta maktab vayron bo‘lgan. Amnesty International’ning yozishicha, Idlib shahridagi hujumlardan birida Suriya harbiy havo kuchlari maktabga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba yo‘llagan; Maarat-Misrin shahrida ham maktab binosiga hujum qilingan, u yerdagi jami 11 kishi, jumladan, yetti nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 40 nafar odam turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Inson huquqlari himoyachilari hujumlarning 18 tasini ro‘yxatga olib, 74 nafar guvohnining ko‘rsatmalarini tinglagan, ular orasida shifokorlar, o‘qituvchilar va ijtimoiy soha vakillari bor, videoyozuvlar va voqea joyidagi fotosuratlarni tahlil qilgan, shuningdek, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar ham o‘rganilgan. Olingan ma’lumotlar Rossiya harbiylari va Bashar Asad armiyasining ayrim harakatlari harbiy jinoyat ekani Amnesty International tomonidan qayd etilgan.

Amnesty Suriya shimoli-g‘arbidagi hodisalarni halokatli to‘qqiz yillik inqiroz vaqtidagi favqulodda ijtimoiy vaziyat davrida ham bunday bo‘lmaganini ta’kidlagan. Tashkilot bergan ma’lumotlar bo‘yicha, Suriya harbiylarining Idlibdagi jangarilar egallab turgan hududlarga hujumi oqibatida qariyb bir million nafar aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.