Xalqaro press-klubning Sardobadagi falokatga bag‘ishlangan sessiyasida suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Sardoba to‘g‘oni qurilishida armatura ishlatilmagani, quruq tuproq bilan ko‘tarilgani haqida tarqalgan gap-so‘zlarga javob qaytardi.

Kadr: Facebook

Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonovning aytishicha, to‘g‘onning o‘zi uning loyihaviy konstruksiyasidan kelib chiqqan holda tuproqli-toshli bo‘lgan.

“To‘g‘onni qurishda tuproq va tosh ishlatilgan. To‘g‘onning suv chiqaradigan joyi beton hamda armaturadan bo‘lgan, aynan suv chiqaradigan joyi.

Bunday suv omborlari juda ko‘p. Bunda tuproqning turiga qaraladi. O‘zbekistonda beton to‘g‘onlar ham bor, masalan, Andijon suv ombori beton to‘g‘oni hisoblanadi. Bu joyning relyefi hamda sharoitiga qarab qilinadi. Sirdaryo, Jizzaxga o‘xshagan hududlarda nafaqat bizda, balki butun dunyoda ham xuddi shu kabi tuproqli to‘g‘onlar qurib foydalaniladi”, — deydi Vohidjon Ahmadjonov.

Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv omborida 1-may kuni yuz bergan avariya sabablarini o‘rganish uchun xalqaro ekspertlar guruhini chaqirgan edi.