Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi jami 34 ta ijtimoiy soha obyektlari qisman va to‘liq darajada talafot ko‘rgani ma’lum qilindi.

Foto: Prezident Xalq qabulxonasi axborot xizmati

“Yuksalish” umummilliy harakati Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatlari va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tasvirlangan infografika bilan bo‘lishdi. Unda tasvirlanishicha, jami 34 ta ijtimoiy soha obyektlari qisman va to‘liq darajada, shuningdek, 6 ta profilaktika inspektorining xizmat uylariga talafot yetgan.

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati

Ta’kidlanishicha, barcha ijtimoiy soha muassasalarida yetkazilgan talafot miqdori o‘rganilmoqda. Jumladan:

  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari — 9 ta muassasa barchasini mukammal ta’mirlash, bundan tashqari 1 ta yangi MTT qurish rejalashtirildi;
  • umumta’lim maktablari — 14 ta maktabni mukammal ta’mirlash, 2 ta maktabni rekonstruksiya qilish hamda 1 ta yangi maktab qurish;
  • 1 ta kasb-hunar kollej binosini mukammal ta’mirlash;
  • sog‘liq saqlash muassasalarining 4 tasini mukammal ta’mirlash, 3 tasini rekonstruksiya qilish va 1 tasini yangi qurish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Avvalroq Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatlari va ularni bartaraf etish maqsadida davlat budjetidan jami 1,5 trillion ajratilishi ma’lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, 15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sardobaliklar bilan uchrashuvda suv toshqini oqibatida zarar ko‘rgan uylar davlat tomonidan bepul ta’mirlab berilishini, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qolishini ma’lum qilgan edi.