Andijon viloyatining Baliqchi tumanida 16-may, shanba kuni odam o‘limi bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.

Foto: YHXBB

Hodisa “Qiyali” MFY hududidan o‘tgan 4R-112 Farg‘ona halqa yo‘lining 114-kilometrida yuz bergan. 1961-yilda tug‘ilgan E.R. Lacetti tezligini me’yoridan oshirgan holatda boshqarayotib, oldindagi avtomobilni quvib o‘tish maqsadida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan. Lacetti qarshisidan o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan 1994-yilda tug‘ilgan B.M. boshqaruvidagi “VAZ-2102” bilan to‘qnashuv sodir etgan.

To‘qnashuv oqibatida “Jiguli” haydovchisi 26 yoshli B.M. shifoxonada vafot etgan. Lacetti haydovchisi 59 yoshli E.R. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: YHXBB

Mazkur YTH yuzasidan Baliqchi tumani IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Joriy hafta davomida odam o‘limi bilan yakunlangan bir nechta YTH yuz berdi. 11-may kuni Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida Lacetti motorollerga urilishi oqibatida 38 yoshli motoroller haydovchisi, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida Isuzu avtobusi velosipedchini urib yuborishi oqibatida 33 yoshli velosipedchi, 12-may kuni Buxoroning Romitan tumanida traktor tirkamasi ag‘darilib ketishi oqibatida 33, 34 va 38 yoshli ayollar, Xorazmning Yangibozor tumanida Matiz urib yuborishi oqibatida 4 yoshli bola, 13-may kuni Andijonning Buloqboshi tumanida “Kamaz” urib yuborishi oqibatida 30 yoshli velosipedchi, Qashqadaryoda Nexia daraxtga urilishi oqibatida 57 yoshli yo‘lovchi, Xorazmning Urganch shahrida Cobalt va Spark to‘qnashuvi oqibatida 23 yoshli haydovchi, 14-may kuni Qashqadaryoning Qarshi tumanida furgon urib yuborishi oqibatida 25 yoshli piyoda, 16-may kuni Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida “Kamaz” urib yuborishi oqibatida 65 yoshli ayol vafot etdi.