AQSh prezidenti Donald Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirishni qisman tiklashi mumkin. Bu haqda JSST rahbari Tedros Gebreyesusga yuborish rejalashtirilgan xatning qoralamasini qo‘lga kiritgan Fox News xabar bermoqda.

Foto: Reuters

“JSSTning kamchiliklariga qaramay tashkilot hanuzgacha ulkan salohiyatga ega, deb hisoblayman va men ushbu potensialni, ayniqsa, hozirgi global inqiroz davrida amalga oshirishini istayman”, — deyiladi xatda.

Donald Tramp JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatishini 15-aprel kuni e’lon qilgandi. Prezident tashkilotni koronavirus tarqalishiga o‘z vaqtida yetarlicha e’tibor qaratmaganlikda ayblamoqda, bu esa o‘z navbatida kasallikning yanada keng tarqalishiga sabab bo‘lgan.

Tramp buni e’lon qilganidan bir hafta o‘tganidan keyin Xitoy JSSTga qo‘shimcha 30 million dollar ajratishini e’lon qilgan. 2018—2019-moliyaviy yilda tashkilotga AQSh tomonidan qariyb 900 million dollar mablag‘ ajratilgan, Xitoy esa ushbu davr mobaynida 85 million dollar bergan.

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo esa Fox News telekanaliga bergan intervyusida Amerika JSSTni moliyalashtirish masalasiga boshqa qaytmasligi mumkinligini bildirgandi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Trampning ushbu qarorini noto‘g‘ri vaqtda qabul qilingan, deb baholagan.

8-may kuni JSST COVID-19 koronavirusining tarqalishiga tayyorgarlik ko‘rish va unga qarshi harakat qilish bo‘yicha strategik rejasini yangiladi. Ushbu rejani amalga oshirish uchun 1,7 milliard dollar kerak bo‘lishi aytilgan.

JSST rahbariga yuboriladigan xatda aytilishicha, Tramp uni moliyalashtirishni tiklashga rozi, faqat Xitoy tashkilotga qancha mablag‘ ajratayotgan bo‘lsa, shuncha miqdorda pul ajratadi. Agar Xitoy JSSTni moliyalashtirish miqdorini oshirsa, AQSh ham uni oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishi ta’kidlangan.