Italiya hukumati COVID-19 pandemiyasi sababli mamlakatda joriy etilgan cheklov choralarini yengillashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: The Insider

Xususan, 3-iyundan boshlab mamlakat ichida harakatlanish bo‘yicha cheklovlar hamda mamlakatga kirish-chiqish bo‘yicha cheklovlar olib tashlanadi. Agar epidemiologik vaziyat talab qilsa, mamlakat ichida harakatlanish bo‘yicha cheklovlar ma’lum hududlar uchun saqlanib qolishi mumkin.

Shuningdek, harakatlanishga nisbatan cheklovlar va karantin bo‘yicha talab koronavirus tasdiqlangan shaxslar yoki shunday shaxslar bilan muloqotda bo‘lganlar uchun saqlanib qoladi.

Italiya hukumati xabarida mamlakatga kelganlarni karantinga olish hamda mamlakatga qaysi davlatlar fuqarolari kirishi mumkinligi masalalariga aniqlik kiritilmagan.

Shuningdek, 18-maydan boshlab Italiyada provinsiyalar ichida harakatlanishga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi. Bundan tashqari, Italiyada futbol klublariga 18-maydan guruh bo‘lib mashg‘ulot o‘tkazishga ruxsat beriladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Italiyada koronavirusga chalinganlar soni 224 ming kishiga yetgan, 31,5 mingdan ortiq kishi kasallik qurboniga aylangan.