Rossiyada o‘tgan bir sutka ichida 9709 kishida koronavirus aniqlandi. Shunday qilib, mamlakatda ketma-ket ikkinchi kun kasallanish bo‘yicha yangi holatlar 10 mingdan past ko‘rsatkichni qayd etmoqda.

Foto: “TASS”

Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtabning ma’lumotlariga ko‘ra, 42,4 foiz holatda (4116 kishi) kasallikning klinik belgilari qayd etilmagan. Bundan oldingi kuni Rossiyada 9200 kishida COVID-19 aniqlangan edi, bu 2-maydan buyon qayd etilgan eng minimal ko‘rsatkich hisoblanadi.

Butun mamlakat bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 281 752 kishini tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich bilan Rossiya eng ko‘p kasallar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turibdi (AQShdan keyin).

Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida mamlakatda 4207 kishi sog‘aygan. Kasallanish holatlarining qayd etilishi borasida Moskva yetakchilik qilmoqda — bir sutkada 3855 holat. Bundan tashqari, mamlakatning quyidagi mintaqalarida ham COVID-19’ga chalinganlar aniqlangan:

  • Moskva viloyati — 907;
  • Sankt-Peterburg — 451;
  • Nijegorodsk viloyati — 281;
  • Svedrlov viloyati — 160;
  • Saratov viloyati — 121;
  • Xanti-Mansi avtonom okrugi — 118;
  • Rostov viloyati — 115;
  • Krasnoyarsk o‘lkasi — 114;
  • Ulyanovsk viloyati — 101 ta holat.

Avvalroq Dog‘istonda 40 nafardan ortiq shifokor koronavirus va pnevmoniya oqibatida vafot etgani ma’lum qilingandi.