Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida 16-may kuni odam o‘limi bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.

Foto: YHXBB

Hodisa soat 19:00 larda “Xo‘jaqishloq” mahallasi hududidan o‘tgan 4R-101 avtomobil yo‘lining 24-kilometrida yuz bergan. 1989-yilda tug‘ilgan A.I. o‘z boshqaruvidagi “Kamaz” yuk mashinasini ortga burib olish maqsadida orqaga harakatlanib, orqa tomonida yo‘lning o‘ng chetida turgan piyodani urib yuborib, YTH sodir etgan.

YTH oqibatida piyoda 1955-yilda tug‘ilgan B.Q. ismli ayol og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shunga o‘xshash yo‘l-transport hodisasi 14-may kuni Qashqadaryo viloyatida sodir bo‘lgandi. Qarshi tumanida “zapravka”dan orqasi bilan harakatlangan furgon 25 yoshli yigitning umriga zomin bo‘lgandi.

Qumqo‘rg‘on tumanida 3-may kuni yuz bergan YTH ham odam o‘limi bilan yakunlangandi. Captiva bilan to‘qnashgan traktor bir necha bo‘lakka bo‘linib ketgan, traktor yo‘lovchisi 13 yoshli bola 7-may kuni shifoxonada vafot etgandi.