Xitoyda oxirgi bir sutka ichida COVID-19 koronavirus infeksiyasiga chalinish bo‘yicha 5 ta yangi holat qayd etildi. Bu haqda XXR Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi xabar qilgan.

Foto: The Washington Post

Idoraning aniqlik kiritishicha, 3 ta holatda kasallanganlar lokal, ya’ni Xitoy hududining o‘zida — Szilin provinsiyasida yashovchi fuqarolarda qayd etilgan. Yana 2 ta holatda bemorlar koronavirusga xorijdan chalinib qaytgan. Kasallanganlar Ichki Mongoliya va Tyanszin shahrida aniqlangan.

Shuningdek, Shanxay va Ichki Mongoliyada ham ikki nafar kishi koronavirusga chalinganlik gumonida shifokorlar nazoratiga olingan.

Bir sutka ichida 8 nafar bemor COVID-19’dan tuzalgan. Infeksiya aniqlangan odamlar bilan muloqotda bo‘lgan jami 633 kishi tibbiy nazoratdan chiqarilgan.

16-may holatiga ko‘ra, Xitoyning 31 ta provinsiyasida jami 86 nafar kishida koronavirus infeksiyasi borligi ma’lum qilingan. Xitoyda epidemiya boshlanganidan beri 82 947 ta holat ro‘yxatga olingan, 78 227 nafar bemor koronavirusdan tuzalgan, 4634 kishi COVID-19’dan vafot etgan.

Janubiya Koreyada bir sutka ichida COVID-19 koronavirus infeksiyasiga chalinish bo‘yicha 19 ta yangi holat aniqlangan, mamlakatda kasallanganlarning umumiy soni 11 050 nafarga yetgan, deya xabar bergan Koreya Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari tashkilotiga tayanib, “RIA Novosti”.

KCDC 16-may kuni e’lon qilgan ma’lumotga asosan, 13 ta holat lokal hisoblanib, yana 7 tasi xorijdan qaytgan fuqarolarda qayd etilgan. Geografik tahlil qilinganda 5 ta kasallanish Seulda kuzatilgan, 4 nafar bemor karantin hududlarida, qolganlar esa mamlakatning boshqa hududlarida nazoratga olingan.

Bir sutka ichida kasalxonalardan jami 37 nafar COVID-19’dan tuzalgan bemor chiqarilgan, mamlakatda tuzalganlarning umumiy soni 9888 nafarga yetgan, sog‘ayish bo‘yicha ko‘rsatkich 89 foizni tashkil qiladi. 17 660 nafar kishidan olingan tahlillar qayta ishlanmoqda, Janubiy Koreyada koronavirusga 718 mingta test amalga oshirilgan.

Sutka davomida COVID-19 qurbonlarining soni o‘zgarmadi va 262 nafarni tashkil qilmqoda, shundan 181 nafar bemor Teguda, yana 54 nafari Kyonsan-Pukto viloyatida, 16 nafari esa Kyongido provinsiyasida vafot etgan. Yana 2 nafar bemor Kanvondoda, uch nafar bemor Pusanda va 4 kishi Seulda kasallikdan o‘lgan. Ulsan va Tejonda ham bittadan bemor hayotdan ko‘z yumgan.

Janubiy Koreya 6-maydan boshlab faqat ehtiyotkorlik va profilaktika choralariga rioya qilishni ko‘zda tutuvchi “kundalik hayotdagi karantin” rejimiga o‘tib, maktab va jamoat muassasalari odatiy faoliyatiga qayta boshlagandi. Janubiy Koreya hukumati COVID-19’ga chalinganlarning hammasini topish va epidemiyaning ikkinchi to‘lqini bo‘lmasligini ta’minlash uchun kerakli choralarni amalga oshirishga intilmoqda. Hukumat klublar va ko‘ngilochar maskanlarni 7-iyungacha yopishni tavsiya qilgan. Klublar va boshqa ommaviy joylarda bo‘lgan kishilar esa mobil aloqa vositasida, kuzatuv kameralari, bank kartalari orqali kuzatuvga olingan.