Navoiy viloyatida elektrik baxtsiz hodisa tufayli yuk mashinalari orasida qisilib qoldi. Bu haqda YHXBB xabar berdi.

Kadr: YHXBB

Hodisa 1-may kuni soat 14:45 larda Navoiy kon metallurgiya kombinatiga qarashli Markaziy gidrologiya qidiruv partiyasining nazorat yo‘lida ro‘y berdi. Elektr toki uchun o‘tkazgich o‘rnatayotgan ishchilardan biri o‘z boshqaruvida bo‘lgan “Ural” rusumli yuk mashinasini uzatmalar qutisi qo‘shilgan holatda o‘t oldirishi natijasida avtomashina harakatlanib ketgan. Oqibatda avtomashinaning old qismidan o‘tayotgan 28 yoshli elektrik “Zil” rusumli maxsus avtoko‘targich orasida qisilib qolgan va voqea joyida vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 28 yoshli yigit yaqinda farzandli bo‘lgan va u bolasini ko‘ra olmay hayotdan ko‘z yumgan.

“Ural” yuk mashinasi haydovchisi hamkasbining o‘limidan afsusdaligini bildirdi.

“Mashina ‘skorost’da edi, siltanib-siltanib borib urildi. Bilib qilganimiz yo‘q, qasddan qilmadik. E’tiborliroq bo‘lish kerak edi. Mashina katta, ovozi baland, hech bo‘lmasa, qochishga ulgurishi kerak edi”, — deydi haydovchi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar IIO FMB TB tomonidan JK 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.