Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 17-may, yakshanba kuni odam o‘limi bilan yakunlangan YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.

Foto: YHXBB

Hodisa soat 04:00 larda 4R-48 Zarafshon—Xatirchi avtomobil yo‘lining 151-kilometrida yuz bergan. 1985-yilda tug‘ilgan F.B. Nexia avtomobilini boshqarayotib, yo‘lning qatnov qismida mast holda uxlab yotgan 1964-yilda tug‘ilgan U.O.ni ustidan bosib o‘tib, YTH sodir etgan.

Oqibatda 56 yoshli erkak voqea joyida vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Xatirchi tuman IIB huzuridagi TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘tgan hafta davomida odam o‘limi bilan yakunlangan bir nechta YTH yuz berdi. 11-may kuni Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida Lacetti motorollerga urilishi oqibatida 38 yoshli motoroller haydovchisi, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida Isuzu avtobusi velosipedchini urib yuborishi oqibatida 33 yoshli velosipedchi, 12-may kuni Buxoroning Romitan tumanida traktor tirkamasi ag‘darilib ketishi oqibatida 33, 34 va 38 yoshli ayollar, Xorazmning Yangibozor tumanida Matiz urib yuborishi oqibatida 4 yoshli bola, 13-may kuni Andijonning Buloqboshi tumanida “Kamaz” urib yuborishi oqibatida 30 yoshli velosipedchi, Qashqadaryoda Nexia daraxtga urilishi oqibatida 57 yoshli yo‘lovchi, Xorazmning Urganch shahrida Cobalt va Spark to‘qnashuvi oqibatida 23 yoshli haydovchi, 14-may kuni Qashqadaryoning Qarshi tumanida furgon urib yuborishi oqibatida 25 yoshli piyoda, 16-may kuni Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida “Kamaz” urib yuborishi oqibatida 65 yoshli ayol, Andijonning Baliqchi tumanida Lacetti va “Jiguli” to‘qnashuvi oqibatida 26 yoshli haydovchi, 17-may kuni Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanida traktor tirkamasi bosib ketishi oqibatida 3 yoshli bola vafot etdi.