O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun pullik laboratoriya xizmatlarini taqdim etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Ma’lumotnoma namunasi.

Foto: “Gazeta.uz”

Tasdiqlangan tarif bo‘yicha, COVID-19’ga tahlilni o‘tkazish qiymati 224 415 so‘mni tashkil etadi. To‘lov terminal yoki bank to‘lov kvitansiyasi orqali amalga oshiriladi. Xizmat uchun naqd pul to‘lash taqiqlanadi.

Test narxi qanday aniqlanadi?

Koronavirus bo‘yicha tekshiruv Novel Coronavirus (2019-nCOV) Nucleic Acid Diagnostic Kit PZR (polimer zanjir reaksiyasi) tahlili uchun reagentlar jamlanmasi hamda Xitoyning Sansure Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan RNK ekstraksiyasi uchun reagentlar jamlanmasi yordamida olib boriladi.

Xizmat narxini hisoblab chiqishda test o‘tkazadigan mutaxassislar — shifokor (3,47 million so‘m), laborant (2,2 million so‘m) va farroshning (1,43 million so‘m) oylik maoshlari hisobga olingan.

Tahlil uchun materiallar xarajati — 169 097 so‘m, ish vaqti qiymati — 2900 so‘m, ijtimoiy sug‘urta ajratmasi — 725 so‘m va 13 818 so‘mlik bilvosita xarajatlar bilan jami xizmat tannarxi 186 540 so‘mni tashkil etmoqda. Agentlik hisobiga o‘tadigan 20 foiz miqdoridagi rentabellik bilan har bir tahlil uchun 27 981 so‘m olinadi.

Foyda solig‘i (12 foiz) xizmat narxini yana 3358 so‘mga oshiradi. Yuqori tashkilotga 2 foizlik ajratma (6536 so‘m) bilan xizmat narxi jami 224 415 so‘mga yetadi.

COVID-19 testini qayerda topshirish mumkin?

Toshkentda tahlillarni Respublika va Toshkent OITSga qarshi kurashish markazlari laboratoriyalarida topshirish mumkin. Hududlarda esa testlar Qoraqalpog‘iston va viloyatlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining laboratoriyalarida o‘tkaziladi.

Arizachi test natijalari haqidagi original ko‘rinishdagi ma’lumotni bevosita olishi yoki uni elektron pochta va Telegram orqali qabul qilishi mumkin.

Test natijalari haqidagi guvohnoma to‘lov haqidagi kvitansiya taqdim etilgandagina haqiqiy hisoblanadi.

Test topshirish mumkin bo‘lgan markazlar manzillari

Hudud nomi

Xizmat ko‘rsatuvchi muassasa

Manzil, telefon raqami

1 Toshkent shahri va viloyati Toshkent shahar va viloyati Respublika OITSga qarshi kurashish markazi Chilonzor tuman, Farhod ko‘chasi 12-uy, +998712769325
Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi Shayxontohur tumani, Ko‘kcha darvozasi ko‘chasi 305-uy, +998712428134
2 Andijon viloyati Andijon viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Andijon shahar, Bobur shohko‘chasi, 5-uy, +998742276019
3 Buxoro viloyati Buxoro viloyat sanitariya- epidemiologik osoyishtalik markazi Buxoro shahar, I.Muminova ko‘chasi. 29-uy, +998652230277
4 Jizzax viloyati Jizzax viloyati sanitariya- epidemiologik osoyishtalik markazi Jizzax shahar, A.Azimov ko‘chasi, 1a-uy, +998722223786
5 Qashqadaryo viloyati Qashqadaryo viloyati sanitariya- epidemiologik osoyishtalik markazi Qarshi shahar, Amir Temur ko‘chasi, 74-uy, +998752250734
6 Navoiy viloyati Navoiy viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Navoiy shahar, Navoiy ko‘chasi, 8-uy, +998782203015
7 Namangan viloyati Namangan viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Namangan shahar, Shohruxobod ko‘chasi, 26- uy, +998692276293
8 Samarqand viloyati Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Samarqand shahar, Isayeva ko‘chasi, 40-uy, +998662311241
9 Surxondaryo viloyati Surxondaryo viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Termiz shahar, I.Karimov ko‘chasi, 1-uy, +998762233208
10 Sirdaryo viloyati Sirdaryo viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Guliston shahar, Ibn Sino ko‘chasi, 15-uy, +998672263827
11 Farg‘ona viloyati Farg‘ona viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Farg‘ona shahar, Tabobat ko‘chasi, 26-uy, +998732263464
12 Xorazm viloyati Xorazm viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Urganch shahar, A.Bahodirxon ko‘chasi, 117-uy, +998622288373
13 Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Nukus shahar, A.Shamuratova ko‘chasi, 11−7b, +998612248820

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020-yilning 18-may kunidan boshlab Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlar hamda Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temiryo‘l qatnovi qayta tiklanishi haqida xabar berilgan edi. Mazkur qatnovlardan foydalanmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun koronavirus infeksiyasiga test topshirish talabi belgilangan edi.

Biroq karantin sharoitida aholining iqtisodiy holatini, shuningdek, harakatlanish vaqtida yo‘lovchilarning ijtimoiy masofa saqlashiga sharoit mavjudligini e’tiborga olib, qolaversa, fuqarolarning hududlararo harakatlanishida ortiqcha noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ushbu talab bekor qilindi.