Amerikaning Moderna biotexnologiya kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinaning insonlarda o‘tkazilgan sinov natijalari ijobiy chiqqanini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Moderna’ning ta’kidlashicha, klinik tadqiqotlar natijasi oraliq va sinovning birinchi bosqichi bilan bog‘liq. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ko‘ngillilar tomonidan vaksina qabul qilingach, ulardagi antitanalar soni koronavirusga chalinganlarning qonidagidan ortib ketgan yoki o‘sha darajada qolgan. Bu vaksina miqdoriga bog‘liqligi aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, vaksina tadqiqotining birinchi bosqichi o‘zining xavfsiz ekanligini ko‘rsatib bergan, barcha nojo‘ya ta’sirlar vaqtincha bo‘lgan va mustaqil hal qilingan, jiddiy yomon ta’sirlar kuzatilmagan. Klinik sinovlarning yakuniy bosqichi iyul oyida o‘tkaziladi.

Avvalroq prezident Donald Tramp AQShda koronavirusga qarshi vaksinaning qachon paydo bo‘lishi haqida gapirgan va amerikalik olimlarning COVID-19 bilan kurasha oladigan vaksina 2020-yil oxirigacha yaratishini taxmin qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, may oyining boshlarida Yaponiya hukumati koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda Amerikaning virusga qarshi tajribaviy “Remdesivir” preparatidan foydalanishni ma’qullagan edi.