Koronavirus pandemiyasi sabab “Oskar”​ taqdirlash marosimi sanasida o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Bu haqda Harper’s Bazaar nashri xabar berdi.

Foto: Legion Media

Ta’kidlanishicha, tashkilotchilar 2021-yilning 28-fevralida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan marosim ko‘pi bilan to‘rt oyga surilishini taxmin qilmoqda.

Bu kabi holat “Oskar mukofotining 93 yillik tarixida ilk bor kuzatilmoqda, deyiladi xabarda. Odatda mukofot uchun kuzda da’vogar filmlar ro‘yxati shakllantirilib, yanvar oyida Amerika kinosan’ati akademiyasi vakillari tomonidan nominantlar tanlab olinardi.

Ayni damda dunyo bo‘ylab kinoteatrlar yopiq, premyeralar esa noma’lum muddatga qoldirilgan. Masalan, aprelda taqdim qilinishi kerak bo‘lgan Jeyms Bond haqidagi 25-film premyerasi noyabrdan avval ekran yuzini ko‘rmasligi aniq.

Mukofot tashkilotchilari mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda taqdirlash marosimini 28-fevraldan may oyining oxiri yoki iyun oyi boshiga qoldirishga qaror qilgan. Insayderlarga ko‘ra, muddat uzaytirilishi natijasida belgilangan muddatda chiqib ulgurmagan kartinalar, kelasi yilning boshiga qadar da’vogarlik qilishi mumkin.