18-may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilayotgan 73-Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi boshlandi. Yalpi majlisni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin ochib bergan.

XXR raisi Si Szinpin

Foto: Getty Images

U o‘z nutqi davomida Xitoyning JSSTni koronavirus infeksiyasi haqida shaffof tarzda, xolis xabardor qilgani va mamlakatdagi vaziyat haqida hisobot berib borganini qayd etdi.

Bir muddat avval AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha marta XXRning COVID-19 haqidagi ma’lumotlarni yashirgani va statistikani kamaytirib ko‘rsatgani haqida gapirgan edi.

“Xitoy har doim ochiqlik, shaffoflik va mas’uliyat prinsiplariga bo‘ysungan. JSST va boshqa mamlakatlarni epidemiologik vaziyat haqida o‘z vaqtida xabardor qilib borgan, virus genlari haqida uzluksiz axborot bergan”, — degan Si Szinpin.

XXR raisining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy COVID-19’ning tarqalishi bo‘yicha ochiq tarzda ma’lumotlar bergan va uni davolash usullari haqidagi tajribalar bilan ham bo‘lishgan.

Si Szinpin rivojlanayotgan mamlakatlarga koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda yordam berish dasturida belgilangan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot bergan. Jumladan, Pekinning ikki yil davomida epidemiyadan jabr ko‘rgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2 milliard dollar ajratishga tayyorligini qayd etgan.

“Xitoy COVID-19’ga qarshi xalqaro hamkorlikni har tomonlama rag‘batlantirish maqsadida kelgusi 2 yil davomida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti sustlashgan rivojlanayotgan mamlakatlarga 2 milliard dollar mablag‘ ajratadi”, — degan u.

XXR raisi BMT bilan hamkorlikda Xitoy hududida global omborxona va epidemiyaga qarshi kurash vositalarini muhtoj davlatlarga yetkazib beruvchi xab, ushbu ishlarni amalga oshirish maqsadida yashil bojxona yo‘lagi tashkil qilinishi haqida ham gapirgan.

Si Szinpin virusning tarqalishini iloji boricha tezroq to‘xtatish zarurligi, bunda asosiy rol JSST zimmasida ekanini ta’kidlagan.

Afrika qit’asi mamlakatlariga ko‘mak berish maqsadida XXR tomonidan 30 ta mexanizm ishlab chiqiladi va ularda yordamga muhtoj kasalxonalarga e’tibor qaratiladi. Si Szinpin G20 guruhida qashshoq mamlakatlarning kreditlari uchun moratoriy e’lon qilinishi haqidagi g‘oyani ilgari surishini bildirdi. Xitoy qit’adagi 50 ta davlatga o‘z yordamini berishga ulgurgan va ularga tibbiyot xodimlaridan iborat guruhlar yuborgan.

Avvalroq, aniqrog‘i, 15-aprelda AQSh JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatishini e’lon qilgandi. Oradan bir hafta o‘tgach Xitoy JSSTga qo‘shimcha 30 million dollar ajratishi haqida xabar berilgan. Keyinchalik 26-aprelda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo esa Fox News telekanaliga bergan intervyusida Amerika JSSTni moliyalashtirish masalasiga boshqa qaytmasligi mumkinligini bildirgan. 17-may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirish qisman tiklanishi mumkinligini ma’lum qildi.

Assambleyada Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Angela Merkel ham nutq so‘zlagan. Merkelning qayd etishicha, JSSTning barqaror rivojlanishini ta’minlash zarur. Shuningdek, kansler dunyo hamjamiyatini pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari haqida o‘ylashga chaqirdi va ushbu qiyinchiliklar ortda qolishiga ishonch bildirdi.

Reuters xabariga ko‘ra, Makron va Merkel pandemiya oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha frank-german tashabbusini ilgari surgan.