Filippin rasmiylari Pampanga provinsiyasida yashirin klinikani aniqladi, u yerda COVID-19 bilan kasallangan Xitoy fuqarolari davolangan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Politsiya o‘tkazgan operatsiya doirasida bir necha Xitoy fuqarosi qo‘lga olingan. Ular orasida klinika boshqaruvchisi va klinika qoshidagi dorixona farmasevti ham bo‘lgan.

Politsiya klinika va dorixona haqida kelib tushgan ma’lumotni tekshirish uchun uch hafta davomida kuzatuv olib borgan va ma’lumotlarni yig‘gan. Operatsiya davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan dorilar va tibbiy mahsulotlar musodara qilingan. Gumonlanuvchilar mahalliy politsiya tomonidan qamoqqa olingan, klinika esa yopilgan.

Filippin Sog‘liqni saqlash vazirligi 20-may kuni mamlakatda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 279 ta yangi holat aniqlanganini ma’lum qildi. Mamlakatda kasallanganlarning umumiy soni 13 221 kishiga yetgan, kasallik oqibatida 842 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Filippin prezidenti karantin vaqtida tartibni buzgan fuqarolarni otishga buyurgan.