2000-yilda rejissor Ridli Skottning “Gladiator” filmi ekran yuzini ko‘rdi. Film kinotanqidchilar va tomoshabinlarga birdek manzur bo‘ldi, ko‘plab mukofotlarga munosib topildi.

Tomoshabinlar baholariga ko‘ra, film kinematograf tarixidagi eng yaxshi filmlar ro‘yxatiga kiritilgan. O‘tgan 20 yil ichida “Gladiator” filmida bosh rollarni gavdalantirgan aktyorlarning qay darajada o‘zgargani bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Rassel Krou

Foto: Getty Images

Avstraliyalik ushbu aktyor filmgacha ham ancha mashhur edi, biroq olamshumul mashhurlikni unga “Gladiator” keltirdi.

U Ridli Skottning ham sevimli aktyoriga aylandi. Rejissor yana 4 ta filmida unga bosh rolni berdi.

O‘tgan vaqt ichida Rassel uylanib, ikki o‘g‘illi bo‘lib, ajrashishga ham ulgurdi.

Hozirda u semirgan va soqol qo‘ygan. U hamon eng talab yuqori bo‘lgan aktyorlardan biri. So‘nggi o‘n yillikda uning ishtirokidagi “Noy” “Rad etilganlar”, “Ajoyib yigitlar” kabi filmlar muvaffaqiyat qozondi.

Xoakin Feniks

Foto: Getty Images

Aktyor rol tanlashga juda injiq. Shuning uchun uning karyerasida biror obrazni ajratib ko‘rsatib bo‘lmaydi. Aktyor tashqi ko‘rinishi ustida ham tez-tez tajriba o‘tkazadi. U bir necha marta kinodan ketganini e’lon qilgan, rasmiy taqdirlash marosimlariga kelmagan.

U 2016-yilda Gollivud aktrisasi Runi Maraga uylangan, ular yaqinda ota-ona bo‘lishi kutilmoqda.

Xoakin 2019-yildagi “Joker” filmi uchun “Yilning eng yaxshi aktyori” sifatida “Oskar” oldi.

Konni Nilsen

Foto: Getty Images

Daniyalik aktrisa Gollivudga 90-yillarda kelgan, biroq aynan “Gladiator” unga mashhurlik olib keldi.

Film muvaffaqiyatidan keyin Konniga takliflar yog‘ila boshladi.

Aktrisa Metallica guruhi sozandasi bilan sakkiz yil birga yashadi. Uning ikki o‘g‘il farzandi bor. Konni 60 ni urib qo‘ygan bo‘lsa ham, haligacha latofatli. Konni 2017-yilda “Mo‘jiza — ayol” filmidagi malika Ippolita obrazini ijro etdi. 2020-yilda ushbu filmning davomi taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Jimon Xonsu

Foto: Getty Images

Asli kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan amerikalik aktyor karyerasini modellikdan boshlagan.

“Gladiator”gacha Xonsu “Amistad” filmidagi roli uchun “Oltin globus”ni qo‘lga kiritgan edi.

Keyinroq u yana ikki marotaba “Oskar” olgan.

Jimon 2009-yilda o‘g‘illi bo‘ldi, oradan uch yil o‘tib xotini bilan ajrashdi. O‘tgan vaqt ichida aktyorning tashqi ko‘rinishi deyarli o‘zgarmagan.

Xonsu 2019-yilda “Shazam” va “Kapitan Marvel” filmlarida suratga tushdi.

Oliver Rid

Foto: Getty Images

“Gladiator”dagi roli taniqli britaniyalik aktyor karyerasidagi so‘nggi rol bo‘ldi. U ichkilikka ruju qo‘ygan edi. Aktyor filmning suratga olish ishlari yakuniga yetmasidan vafot etgan. Shundan so‘ng Ridli Skott film ssenariysini qayta yozib, Oliver Rid ishtirokidagi sahnalarni maksimal darajada kamaytirgan.