Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi ishtirokchilari koronavirus pandemiyasiga qarshi dunyoning turli mamlakatlari qanday choralar ko‘rayotganligini tekshirish zarurligi to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Foto: Reuters

Rezolyutsiyada imkon qadar qisqa vaqt ichida COVID-19’ga berilayotgan xalqaro javobni xolis, mustaqil va har tomonlama baholash talab qilinadi. Hujjatda Xitoy haqida gap bormagan va virusning kelib chiqishini aniqlash uchun hech qanday chaqiruv yo‘q.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga a’zo davlatlarning hech biri rezolyutsiyaga qarshi chiqmagan. Hujjat Yevropa Ittifoqi tomonidan 100 dan ortiq mamlakatning qo‘llab-quvvatlovi bilan taqdim etilgan.

CNN nashrining yozishicha, Xitoy o‘rganish ishlari olib borish masalasini ma’qullagan, ammo buni faqat pandemiyadan keyin amalga oshirish kerakligini ta’kidlagan.

Koronavirusning tarqalishi Xitoyda 2019-yil oxirida boshlangan. Xitoy rasmiylari infeksiyaning tabiiy usulda kelib chiqqanini ta’kidlaydi. JSST ham shunday fikrda. Tashkilot virus odamlarga ko‘rshapalaklardan yuqqan deb hisoblaydi hamda uning laboratoriyada yaratilmagani yoki o‘zgartirilmaganini ta’kidlaydi.

AQSh rasmiylari koronavirus Xitoyning Uxan shahridagi virusologiya institutidan tasodifan tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surdi. Ushbu taxmin foydasiga dalillar mavjudligi, xususan, AQSh prezidenti Donald Tramp va AQSh Davlat departamenti rahbari Maykl Pompeo tomonidan ta’kidlangan.