Qirg‘iziston prezidenti So‘ronboy Jeenbekov Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining oliy iqtisodiy kengashida ayrim mamlakatlarning koronavirus pandemiyasi sabab nazoratni kuchaytirib, mahsulotlar yetkazib berishda cheklovlar qo‘yib olganini ta’kidladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar qilgan.

Foto: “RIA Novosti”

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi – xalqaro integratsiyalashgan iqtisodiy birlashma, tashkilot 2015-yil 1-yanvarda tuzilgan. Ittifoqqa Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo hisoblanadi.

Qirg‘iziston rahbari YeOII hududida tovarlarning erkin harakatlanishi COVID-19 koronavirus pandemiyasi davrida tashkilotga a’zo mamlakatlarda savdo-sotiq xavfsizligini ta’minlaydi.

“Ayrim davlatlar nazoratni kuchaytirib, mahsulot yetkazib berishga cheklovlar o‘rnatgan”, – degan Jeenbekov.

U gap qaysi davlatlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan. Ammo bunday holatlarga qarshi Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi vakolatlarini kengaytirishni tavsiya qilgan.

“Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasining mamlakatlar o‘rtasidagi to‘siqlarni olib tashlashdagi rolini kuchaytirish zarur, deb hisoblaymiz. Mavjud mexanizmlar komissiyada vakolatlar yo‘qligi sabab samara bermayapti. Shuningdek, komissiya a’zolarining mas’uliyatini ham oshirish lozim”, — degan Jeenbekov.