Xorazm viloyatida 2 nafar, Surxondaryo viloyatida esa 1 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor 20-may kuni tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi, deb xabar bermoqda SSV.

Xorazm viloyatida tuzalib chiqqanlarning biri 49 yoshli erkak bo‘lib, Rossiyadan charter reys bilan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Ikkinchisi esa 39 yoshli erkak bo‘lib, kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda yuqtirib olgan.

Viloyatda shu paytga qadar 228 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 230 nafarga yetdi. Shunday qilib, hozirda Xorazmda 3 nafar bemor davolanmoqda.

Surxondaryo viloyatida tuzalib chiqqan 33 yoshli erkak kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda yuqtirib olgan. Ta’kidlanishicha, u hozircha viloyatdagi oxirgi bemor bo‘lib, ushbu hududda jami 43 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan tuzaldi.

Shunday qilib, Surxondaryo viloyati ham Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridan so‘ng COVID-19’dan holi hududlar safiga qo‘shildi.

Bugunning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 kishi, Namanganda viloyatida 5 kishi, Toshkentda esa 17 kishi sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgani xabar berilgandi.

Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlarning umumiy soni 2369 nafarga yetdi. Kasallanganlarning umumiy soni esa 20-may soat 16:30 holatiga ko‘ra 2927 nafarni tashkil qilmoqda. Mamlakatda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat aniqlanganidan beri 13 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.