O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Matyoqub Matchonov suhbat davomida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov hamda “Shaytanat” serialining “zapreti” sabablari haqida gapirib berdi.

“Zapret” so‘zining o‘zi bir ahmoqona so‘z. Allohga behisob shukr, shu narsalarni yo‘q qilgan Prezident boshimizga keldi. Umrlari uzoq bo‘lsin, bu baloni olib tashlashdi. Avvallari buni qarasang “zapret”, uni qarasang “zapret”, nimaga bunday bo‘lgan ekan, deya hayron bo‘lardik. O‘zimiz ham biror nimani gapirib qo‘ysak, “zapret”ga tushib qolmaylik’, deb qo‘rqib gapirar edik.

“Shaytanat” serialini kim “zapret” qilganini, aniq sababini bilmayman. Albatta, endi menga yoki Yodgor akaga o‘xshagan odamlar “zapret” qo‘ymaydi-yu, demak, katta bir lavozimda ishlayotgan odamlar qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Bizda, afsuski, mahalliychilik, tarafkashlik degan narsalar bor.

Rahmatli Obid nima uchun “zapret” bo‘lgani haqida aytgan edi. O‘sha odamlardan birining to‘yiga bormagani uchun. O‘zidan so‘raganimda “Hayronman, keyinroq bildim, aytgan to‘yiga bormagan ekanman” degan edi. O‘sha lavozimdagi odamning qo‘lidan “zapret”dan boshqa narsa kelmaydi. Agar davlat, millat yoki tizimning sha’niga yomon gap gapirayotgan bo‘lsa, bu butunlay boshqa narsa, bu vatanfurushlik bo‘ladi. Bular oddiy san’atkor-ku.

“Shaytanat” serialiga san’at asari sifatida qarash kerak, maktab darsligi sifatida emas. Shunday mulohazalar eshitib qolganman, “‘Shaytanat’ni ko‘rgandan keyin hamma Bek aka bo‘lib ketdi, hamma ko‘cha bo‘lib ketdi” deyishdi, tavba qildim. Serial nima uchun “zapret” bo‘lganini hech kim bilmaydi, bilganimiz bu ahmoqona ish edi.

Matyoqub Matchonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti “Shaytanat” seriali rejissori va bosh rol ijrochisi Yodgor Sa’diyev serialni “zapret” qilganlar nima uchun bunday qilishganini o‘zlari ham bilmasligini aytgan edi.  “Shaytanat” seriali yigirma yillik “zapret”dan so‘ng Zo‘r TVda namoyish etildi. Serialning hamma kutgan so‘nggi 21-qismi esa kinoteatrlarda premyera qilishini ma’lum qilindi.