Suriya hukumati prezident Bashar Asadning tutingan ukasi Rami Maxlufga tegishli aktivlarni muzlatdi. Reuters’ning xabar qilishicha, 19-mayda hukumatning bu boradagi hujjati qabul qilingan. Unda aktivlarning Maxlufga tegishli Syriatel mobil aloqa operatorining budjetga to‘lovlarni to‘lashi uchun muzlatilgani qayd etilgan.

Foto: AFP

Rami Maxluf Bashar Asad onasining qarindoshi, jiyani hisoblandi. U Suriyadagi eng boy kishilardan biri. Mamlakatda mobil aloqa bozorining yarmidan ko‘pini nazoratga olgan Syriatel Maxlufning asosiy mulklaridan biri. Bundan tashqari Maxluf tamaki, avtomobil ishlab chiqarish, mehmonxona biznesi, moliya va sug‘urta sektori hamda energetika sohasida ham biznes loyihalariga ega. Maxlufning boyligi 5 milliarddan 10 milliard AQSh dollarigacha baholangan, fuqarolar urushi boshlanguniga qadar uning boshqaruvidagi kompaniyalar Suriya iqtisodiyotining 60 foizini nazorat qilardi.

Maxluf oilasi Asad oilasi bilan Hofiz Asad (Basharning otasi) hayotligida va uning vafotidan keyin ham yaqin aloqada bo‘lgan. Rami Maxluf 2000-yilda Bashar Asad hukumat tepasiga kelgan vaqtda uning yonida bo‘lgan. 2008-yilda Maxluf AQSh sanksiyalari ostiga tushdi. Amerika hukumati uni Asad oilasining korrupsion aktivlarini saqlab turuvchi, ish boshqaruvchi deb topdi.

Maxluf hamda Asad o‘rtasida kelishmovchilik kuzatilgani haqidagi dastlabki xabarlar 2019-yil yozida OAVda paydo bo‘lgan. U vaqtda Rossiya Bashar Asaddan kredit bo‘yicha bir necha milliard dollar qarzni to‘lashni talab qilgan, prezident tabiiy ravishda Maxlufga yuzlangan, biroq jiyan ushbu mablag‘ni to‘lashni istamagan. O‘shanda Syrian Observatory for Human Rights huquq himoyachilari tashkiloti Rossiyadan kelib tushgan iltimoslarga ko‘ra Maxlufga tegishli mamlakat janubidagi “Al-Bo‘ston” jangarilar tashkilotini tarqatib yuborganini ma’lum qilgan.

Ushbu voqealardan keyin bir necha oy davomida ikki qarindoshning janjali yuzasidan hech qanday ma’lumot berilmadi, aprel oxiri va may boshlarida Maxluf Facebook’da videomurojaatlar qoldirdi. Ularda milliarder Suriya hukumatining Syriatel’dan budjetga 185 million dollar to‘lashni, o‘zidan esa kompaniya boshqaruvidan ketishni talab qilayotganini ta’kidlagan. Maxluf kuchishlatar tizimlarni shantaj va Syriatel’ning o‘nlab xodimlarini noqonuniy ravishda qamoqqa olganlikda ayblagan. Jarimalarni to‘lashi, biroq kompaniya rahbarligidan ketmasligini aytgan.

Asadning o‘zi jiyani bilan bog‘liq ushbu vaziyatga izoh bermagan. Tahlilchilar Maxluf bilan nizoga hukumatda kuchli inqiroz hukm surayotgani va mablag‘lar yo‘qligi, Asad hukumati katta qarzlar, fuqarolar urushi deb iqtisodiyotning og‘ir ahvolga kelgani va korrupsiyaga qarshi kurash bahonasida biznesmenlardan pul undirishga urinayotgani sabab bo‘lganini taxmin qilmoqda. Suriya prezidenti 2019-yil oktabrda xususiy sektorning barcha vakillari davlat mablag‘larini sarflagani va endi o‘sha pullarni budjetga qaytarish vaqti kelganini bildirgandi.