Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini tasdiqlashni keyinga surishni taklif qildi. Bu haqda 19-may kuni Belarusning Belta nashri xabar berdi.

Foto: Oq o‘rda matbuot xizmati

To‘qayev bu hujjatni kengashga a’zo davlatlar vakillarining ertami-kechmi bo‘lib o‘tadigan yakkama-yakka uchrashuvidan keyin qabul qilish zarurligini ta’kidlgan. “Umuman olganda, uning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagan holda, qo‘shimcha muhokamani va o‘rganishni talab qiladigan ayrim muammolar mavjud deb hisoblayman”, — degan u.

Qozog‘iston prezidenti ushbu hujjat juda muhim ekanligini va 2025-yilgacha integratsiya yo‘nalishlarini belgilab berishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, amalda tovarlarning cheklovlarsiz harakatlanishini ta’minlash, xizmatlar uchun yagona bozorni yaratish va umumiy energiya va moliya bozori uchun poydevor tayyorlash zarur.