Amerikaning Kolorado shahrida yashovchi rassom Stefani Xuk yuz uchun yangi niqob yaratdi. Uni taqib, nafas olish jarayonida niqob yuzida “Garri Potter” filmidagi talonchilar xaritasi paydo bo‘ladi, deb yozadi Esquire.

Foto: Insider

Xukning aytishicha, u olamga biroz sehrni olib kirmoqchi bo‘lgan.

“Men fantaziyani hayotga tatbiq etishga harakat qilaman. Mahsulotlarim boshqalarnikiga o‘xshamasligiga intilaman. Men oddiy odamlarga hech kimnikiga o‘xshamagan narsalarga egalik qilish imkonini taqdim etishni yoqtiraman”, — deydi rassom ayol.

Stefanining o‘zi tayyorlagan yumshoq o‘yinchoqlar va aksessuarlar sotadigan kompaniyasi bor. Pandemiya munosabati bilan Stefani ham yuz uchun himoya niqoblari yaratishga qaror qildi.

Kompaniya saytida yangi niqoblarning tibbiy litsenziyasi yo‘qligi, biroq ular kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha markaz yo‘riqnomasi bo‘yicha tayyorlangani yozilgan. Stefani ushbu niqoblarni odatiy tibbiy niqoblar ustidan taqishni maslahat beradi.

“Bu niqob shunchaki chiroy uchun taqiladi”, — deydi Xuk.

Stefani bunday niqoblar tayyorlash uchun u litsenziyalangan paxtali mato, shuningdek, rangni o‘zgartiradigan pigmentdan foydalanadi. Bitta niqobni tayyorlash uchun 17 soat vaqt ketadi. Shuning uchun rassom bunday niqoblarning cheklangan miqdorda tayyorlashni rejalashtirgan.

“Garri Potter” kitobidagi talonchilar xaritasi Xogvartsning sehrli xaritasi bo‘lib, unda istalgan kishining qayerda ekanligi ko‘rinadi. Unda, shuningdek, sehrli qasrdan chiqish hamda qasrni Xogsmid sehrgarlar qishlog‘i bilan bog‘lovchi yo‘llar qayd etilgan.