Xitoy koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash uchun 9 trillion dollar mablag‘ ajratishi lozim. Bu haqda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo o‘z bayonotida aytib o‘tdi, deya xabar qilgan Fox News.

Foto: Reuters

“Xitoyning pandemiyaga qarshi kurash uchun sarflayotgan puli butun dunyoda ko‘rilayotgan zarar oldida hech narsa emas. Mazkur kasallik tufayli 90 ming nafar amerikalik hayotdan ko‘z yumdi, mart oyidan beri mamlakatda 36 million aholi o‘z ishini yo‘qotdi. Dunyo bo‘yicha COVID-19’dan o‘lganlar soni 300 mingdan oshib ketgan, hisob-kitoblarimizga ko‘ra jahon iqtisodiyotiga 9 trillion dollar zarar yetishi mumkin”, — degan Pompeo.

U AQShning butun dunyoda koronavirusga qarshi kurash, jumladan, vaksina ishlab chiqish, insonparvarlik yordamlari uchun taxminan 10 milliard dollar ajratgani, Xitoy esa atigi 2 milliard dollar va’da qilayotgani haqida tanqidiy fikr bildirgan.

AQSh Xitoyni koronavirus haqidagi ma’lumotlarni yashirganlikda ayblamoqda. Vashington pandemiyaga sabab bo‘lgan axborotlar taqdim qilinmasa, Pekinga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligini eslatgan.

Avval Pompeo koronavirusning Uxandagi laboratoriyada paydo bo‘lgani va bunga yetarli darajada isbot hamda dalillar borligini qayd etgan. AQSh xavfsizlik vazirligi Xitoyni nafaqat epidemiyaning ko‘lami haqida, balki kasallikning jiddiyligi borasidagi ma’lumotlarni ham yashirganlikda ayblagandi. AP nashri bergan axborotlarga ko‘ra XXR COVID-19 bilan bog‘liq vaziyatning xavflilik darajasini kamaytirib, tibbiy niqoblar, kiyimlar va dorilar importini oshirgan hamda ularning mamlakatdan chiqishiga taqiq qo‘ygan.

Xitoy tomoni AQShning ayblovlarini inkor etmoqda va koronavirusning sun’iy tarzda yaratilgani, u haqidagi ma’lumotlar yashirilgani haqidagi gaplarni yolg‘onligini qayd etgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiylari ham AQShning ayblovlari asossiz ekanligini bildirgan.