Falastin prezidenti Mahmud Abbos Tel-Avivning Falastin yerlarini o‘ziga qo‘shib olish borasidagi niyati sabab AQSh va Isroil bilan imzolangan barcha kelishuvlar bekor qilinishini e’lon qildi, deb xabar beradi WAFA.

Foto: Reuters

“Bugundan boshlab Falastin AQSh va Isroil bilan imzolangan barcha bitim va kelishuvlardan hamda ularga asoslangan majburiyatlardan, xususan, xavfsizlik sohasidagi majburiyatlardan ozod qilinadi”, — deydi Abbos.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Falastin xalqiga nisbatan adolatsiz siyosat olib bormoqda. “Biz AQSh administratsiyasini Falastin xalqiga qilingan zulm uchun to‘la javobgar deb hisoblaymiz va uni Isroilning bosqinchi hukumatini xalqimizga qarshi barcha tajovuzkor va adolatsiz qarorlariga asosiy sherik deb bilamiz”, — deydi prezident.

Mahmud Abbos 19-may kuni Falastin xalqaro shartnomalar va konvensiyalarga qo‘shilishi to‘g‘risidagi bitimlarni imzolash jarayonini yakunlamoqchi ekanligini bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyining oxirlarida AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan chiqish qilib, Falastin—Isroil mojarosini barqarorlashtirish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etgandi. Keyinroq Falastin prezidenti  Mahmud Abbos Trampning taklifiga “Quddus sotilmaydi” deya javob qaytargan edi.