“Garri Potter va falsafiy tosh” kitobining birinchi nashri auksionda 33 ming funt sterling (40 ming dollar) evaziga sotildi, deb yozadi Esquire.

Foto: BBC

Ommabop kitobning noyob nashri Britaniyaning Bakingemshir grafligida yashovchi 65 yoshli o‘qituvchi tomonidan topib olindi.

Ayol kitobni 12 yil avval maktabning orqa hovlisidagi chiqindi konteyneridan topgandi. Uning yonida kitobning yana ikkita yupqa muqovali nashri bo‘lgan.

Qolgan ikkita kitob 3000 va 3400 funt sterlingga sotilgan.

“Xursandman, desam hech narsa demagan bo‘laman”, — deydi kitobni topib olgan o‘qituvchi ayol.

Garri Potter haqidagi kitob ilk marta 1997-yilda 500 nusxada sotuvga chiqarilgan. Kitoblarning aksariyati maktab va kutubxonalarga bepul tarqatilgan.

2018-yilda ushbu nashrdagi kitob 56 ming funt sterlingga (74 ming dollar) sotilgandi.