Gonkong fan va texnologiya universiteti olimlari inson ko‘rish a’zosidan deyarli farq qilmaydigan sun’iy ko‘z yaratdi, deb xabar berdi “Korrespondent.net”.

Foto: Pixabay

Sun’iy ko‘z Chjiyun Fanya boshchiligidagi mutaxassislar tomonidan ishlab chiqildi. Qurilma diametri ikki santimetr atrofida bo‘lgan shardan iborat. U haqiqiy ko‘zdagidek suyuqlik bilan to‘ldirilgan. Suyuqlik elektr tokini o‘tkazish imkonini beradi.

Sun’iy ko‘z yorug‘likni his qiluvchi nanoo‘tkazgichlardan iborat to‘rlar bilan ta’minlangan. Ular quyosh batareyalarida ishlatiladigan perovskit materiallaridan yaratilgan. Nanoo‘tkazgichlar inson ko‘zlaridagi fotoretseptorlar kabi signalni keyingi bosqichga uzatib, yorug‘likka reaksiya bildiradi.

Tajriba davomida qurilma I, E va Y harflarini tanidi. U hozirda sifati 100 piksel atrofida bo‘lgan tasvirni yaratishga qodir. Inson ko‘zi tomonidan yaratiladigan tasvir sifati esa 120-140 megapiksel deb baholanadi.

Tashqi quvvat manbayisiz ishlashni ta’minlash maqsadida mutaxassislar roboko‘zni avtonom qilishni rejalashtirmoqda. Taxmin qilinishicha, u quyosh batareyasining yacheykasi sifatida ishlay olishi mumkin.

Mutaxassislar nanoo‘tkazgichni inson optik nerviga ulashni tekshirib ko‘rishni rejalashtirmoqda.