Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyevning qaroriga ko‘ra, 21-may kuni soat 19:00 dan boshlab Juma shahriga tumanning boshqa hududlaridan kirib-chiqish va transport vositalarida harakatlanish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda “Daryo”ga tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur taqiq tuman aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining tuman hududi bo‘ylab tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshirilgan.

Ma’lumot uchun, Samarqand viloyatining shahar va tumanlaridagi epidemiologik vaziyat bo‘yicha Pastdarg‘om tumani “qizil” hududga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati ham “qizil” hudud ekanligi ta’kidlanib, 13-maydan karantin qoidalari kuchaytirilgandi.