O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining 2020-yil Ramazon Hayitini nishonlash to‘g‘risidagi bayonoti e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda juma namozi o‘rniga uyda peshin namozini, besh vaqt namoz va Ramazon oyidagi taroveh namozini uyda o‘qish haqidagi tavsiyalar ayni Ramazon Hayiti namoziga ham tegishlidir.

“Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi”, — deyiladi bayonotda.

Shu sababli 2020-yilgi Ramazon Hayiti namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi. O‘zbekistonliklarga Hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin o‘z xonadonlarida to‘rt rakatli nafl namozi o‘qishlari tavsiya etiladi.

Shuningdek, Hayit arafasida va bayram kunlari yoshi ulug‘ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda Hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bog‘liq an’analarni karantin talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirish tavsiya etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon Hayitini nishonlash haqidagi qarorida O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020-yilda Ramazon Hayitining ilk kuni 24-mayga to‘g‘ri kelishi haqidagi qarori inobatga olinib, bu kun mamlakatda bayram sifatida nishonlanishi belgilangan edi.

Saudiya Arabistoni muftiysining Hayit namozi bo‘yicha fatvosi e’lon qilindi.