O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi qaytarib bermaslik sharti asosida davlat budjetiga 100 million dollar mablag‘ ajratadi. Bu mablag‘ Sirdaryodagi suv toshqini oqibatida jabrlangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash chora-tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash chora-tadbirlarini moliyalashtirish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qaytarib bermaslik sharti asosida davlat budjetiga 100 million dollar ekvivalentidagi mablag‘lar ajratiladi.

Ushbu mablag‘lar quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:

  • Suv xo‘jaligi vazirligiga — talafot ko‘rgan hududlarda suv toshqini oqibatida izdan chiqqan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini tiklash, shu jumladan, kollektorlar, drenaj va drenaj quduqlarini, meliorativ nasos stansiyalarini ta’mirlash va tozalash ishlari uchun;
  • Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga — talafot ko‘rgan hududlarda yo‘l-transport infratuzilmasini qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari uchun;
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga — talafot ko‘rgan hududlarda toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun;
  • Sirdaryo viloyati mahalliy budjetiga — Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joyi buzilgan yoki yashab bo‘lmaydigan ahvolga kelgan oilalarga 2020—2021-yillar davomida ko‘p qavatli uy-joylarni qurish hamda qurib bitkazilgan va sotilmagan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarni egalikka berish uchun;
  • Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligiga — Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida ijtimoiy soha obyektlarini (maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablar, tibbiyot muassasalari va boshqalar) qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari uchun.

Vazirlar Mahkamasiga o‘n kun muddatda Prezident Administratsiyasiga O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida Mudofaa va huquq tartibot organlarning tadbirlari uchun ko‘zda tutilgan jami 1,15 trillion so‘mgacha bo‘lgan budjet mablag‘larini optimizatsiya qilish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.

Optimizatsiya qilingan mablag‘lar quyidagilarga yo‘naltiriladi:

  • 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha xarajatlar hisobidan quyidagilarga ajratilgan mablag‘lar o‘rnini qoplash uchun;
  • Prezidentning 1-maydagi Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Sirdaryo viloyati mahalliy budjetiga ajratilgan 100 milliard so‘m;
  • 2019-yil 1-dekabrga qadar xususiy sheriklar tomonidan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash ishlari 25 foizdan kam bo‘lmagan hajmda bajarilgan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar bo‘yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan 182 milliard so‘m;
  • Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, boshqa maqsadlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi hamda ko‘chmas mulk obyektlarining buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun Jizzax, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlariga ajratilgan 352,7 milliard so‘m;
  • “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”ga oid davlat dasturiga asosan yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalariga barcha zarur infratuzilmalarni yetkazib berish uchun kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga ajratilgan 85,3 milliard so‘m;
  • Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha choralar to‘g‘risidagi Prezident farmoyishiga asosan Buxoro viloyati mahalliy budjetiga 130 milliard so‘m ajratish (shu jumladan, oldin ajratilgan 100 milliard so‘m o‘rnini qoplash) uchun;
  • Prezidentining 1-maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yer maydonlarini foydalanishga kiritish uchun tuman budjetlariga ajratilgan 300 milliard so‘m.

Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar hamda ijtimoiy soha obyektlariga elektr tarmoqlari, tabiiy gaz quvurlari va aloqa tarmoqlarini tortish ishlari tegishli “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zbektelekom” AK mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilandi.

Ma’lumot uchun, Sirdaryo viloyatidagi suv toshqini oqibatlarini bartarif etish uchun kamida 1,5 trillion so‘m kerak bo‘lishi mumkin. Jabrlangan aholi uchun qurilishi rejalashtirilgan 66 ta ko‘p qavatli uyni qurishga 950 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Buxoro viloyatidagi kuchli shamol oqibatida yetkazilgan talafotlar zarari 141,6 milliard so‘m miqdorida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sardobaliklar bilan uchrashuvda suv toshqini oqibatida zarar ko‘rgan uylar davlat tomonidan bepul ta’mirlab berilishini, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qolishini ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, shu kuni suv toshqinidan jabr ko‘rgan 4,5 mingdan ortiq xonadon egalariga 40 million so‘mlik moddiy yordam sertifikati, maishiy texnika to‘plami uchun sertifikat va ichida pul mablag‘i bo‘lgan bank kartochkalari tarqatilishi ma’lum qilindi.