Namangan viloyatida 22-may kuni 5 nafar bemor koronavirusdan sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Sog‘ayib chiqqanlarning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqot qilib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 3 nafari erkak, 2 nafari ayollardir. Kasallikdan tuzalganlarning barchasi Namangan viloyatidan (4 nafari Namangan tumanidan, 1 nafari esa Namangan shahridan). Ular orasida eng kattasi 84 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 48 yoshda.

Viloyatda shu paytga qadar 219 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 224 nafarga yetdi.

O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni bir kun avval 2407 nafarni tashkil qilayotgan edi. Endilikda ular soni 2412 nafarga yetdi.

Kasallanganlarning umumiy soni esa 22-may soat 10:00 holatiga ko‘ra 3006 kishini tashkil qilmoqda. Mamlakatda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat aniqlanganidan beri 13 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.