O‘zbekistonda 22-may soat 16:30 holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar soni 22 kishiga ko‘payib, 3028 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Aniqlangan yangi kasallanish holatlarining 11 nafari oldindan karantinda bo‘lgan fuqarolar, 11 nafari esa aholi orasidan qayd etildi.

Karantinda bo‘lgan fuqarolarning 6 nafari chet eldan kelgan, 5 nafari esa kasallikni bemorlar bilan muloqot orqali yuqtirib olgan.

Aholi orasidan aniqlangan holatlarning barchasi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Hozirda ushbu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar belgilangan tartibda qat’iy karantinga olingan.

“Ayni paytda yurtimizda 2463 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar butunlay sog‘aydi. Hozirda mamlakatimizda 552 nafar bemor davolanmoqda”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat aniqlanganidan beri 13 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.