Toshkentda 22-may kuni 25 nafar bemor koronavirusdan sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati. Ularning 22 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan, 3 nafari Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan sog‘ayib chiqqan.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan sog‘ayganlarning 12 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Qolgan 10 nafari esa chet eldan kelgan va karantinga olingan. Ularda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Hududlar kesimida tuzalganlarning 11 nafari Toshkent viloyatidan, 4 nafari Surxondaryo viloyatidan, 3 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Qashqadaryo viloyatidan, 1 nafardan Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan. Bemorlardan 12 nafari erkak, 10 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 65 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 4 yoshda.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlar 1 nafardan Toshkent shahri, Sirdaryo va Namangan viloyatlaridan. Tuzalganlarning 1 nafari 52 yoshli erkak, 2 nafari 59 yoshli ayol va 10 yoshli qizaloq. Ulardan 2 nafari chet eldan kelgan va karantinga olingan. Ularda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, klinikaga yotqizilgan, 1 nafar fuqaro esa kasallikni koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali yuqtirib olgan.

Toshkent shahrida shu paytga qadar 848 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 873 nafarga yetdi.

Bugunning o‘zida Namangan viloyatida 5 kishi, Samarqand viloyatida 24 kishi, Buxoroda esa 2 kishi koronavirusdan tuzalib, O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 2438 nafarni tashkil qilayotgandi. Endilikda ular soni 2463 nafarga yetdi.

Kasallanganlarning umumiy soni esa 22-may soat 16:30 holatiga ko‘ra 3028 kishini tashkil qilmoqda. Mamlakatda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat aniqlanganidan beri 13 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.