Volvo — xavfsizlik haqida maksimal darajada qayg‘uradigan kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya mahsulotlari uzoq yillar davomida eng xavfsiz mashinalar sifatida tan olib kelingan. Biroq Volvo bir joyda to‘xtab qolmay yangi mashinalarida tezlikni cheklashga qaror qildi, deb xabar beradi IXBT.

Foto: IXBT

2019-yilda kompaniya yangi mashinalarga maksimal tezlik 180 km/soatdan oshmaydigan cheklov o‘rnatilishini ma’lum qilgandi. Kuni kecha shved avtomobilsozlik kompaniyasi mazkur cheklov joriy etilganini bildirdi. Endilikda Volvo konveyridan chiqqan har bir yangi avtomobil 180 km/soatdan tez harakatlana olmaydi. Gap yangi modellar haqida emas, balki kompaniyaning barcha yangi avtomobil nusxalari haqida ketmoqda.

Shu bilan birga, Volvo’ning har bir avtomobili o‘z egasiga mashinani boshqa bir haydovchiga berayotganida tezlikni qo‘shimcha ravishda cheklash imkonini beradigan Care Key funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, avtomobil egasi kalitni rafiqasi yoki farzandiga berayotganida soatiga 100 yoki 120 kilometrdan oshmaydigan qilib, tezlikni cheklab qo‘yishi mumkin.