Xaltali bo‘rilar yoki Tasmaniya yo‘lbarslari 84 yil avval qirilib ketgan. Jahonda ushbu jonivor ishtirokidagi 10 ga yaqin videoyozuv saqlangan bo‘lib, ularning tasviri uch daqiqadan oshmaydi, deb yozadi Esquire.

Foto: Wikipedia

Jonivorning yangi videosi Avstraliya ovoz yozish va kino milliy arxivi omboridan topildi. Kadrlar 4K formatiga o‘girildi. Videoda Benjamin laqabli xaltali bo‘ri qafas ichida bezovtalanayotganini ko‘rish mumkin.

Rolik 22 sekund davom etadi, u Avstraliyaning Bomaris hayvonot bog‘ida Benjamin o‘limidan 18 oy oldin olingan. Uning o‘limidan so‘ng, ya’ni 1936-yilning 7-sentabridan xaltali bo‘rilar qirilib ketdi, deb hisoblana boshlandi.

Xaltali bo‘rilar insonlar tomonidan yo‘q qilib yuborilgan. Bundan tashqari, ular genetik xususiyatlari tufayli ham qirilib ketgan. 2011-yilda avstraliyalik olimlar xaltali bo‘rilar dingo yovvoyi itlari singari qo‘ylarni ovlay olmagan, degan xulosaga kelgan. Gap shundaki, ularning jag‘lari katta o‘ljani ko‘tara olmagan.