“Tottenhem” bosh murabbiyi Joze Mourinyo Chempionlar ligasi 2009/10-yilgi mavsum yarim final javob bahsi doirasidagi o‘yinda “Manchester Siti” ustozi Xosep Gvardiolaga nimalar deganini aytdi.

Foto: Getty Images

Dastlabki bahsda Mourinyo qo‘l ostidagi “Inter” Gvardiolaning “Barselona”sini 3:1 hisobida mag‘lub etadi. Ikkinchi o‘yin esa “ko‘k-anorranglilar”ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topadi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalaridagi bahsli vaziyatda milanliklar yarim himoyachisi Tiago Motta katalonlar yetakchisi Serxio Busketsga nisbatan ishlatgan qo‘polligi sabab maydondan chetlatiladi.

“Buskets hushidan ketayozgan vaqtda men Motta chetalatilgan joy va zaxira o‘rindiqlari o‘rtasida turgandim. Chetlatishdan so‘ng “Barselona” zaxira o‘rindig‘idagilar g‘alaba qozongandek xursand bo‘layotganiga ko‘zim tushdi.

Shu vaqtda Gvardiola 11 ga 10 taktikasi haqida gaplashish uchun Zlatan Ibragimovichni chaqirdi. Men unga qarata shunday dedim: “Bazmni boshlab yuborma, o‘yin hali tugamadi”.

O‘z vaqtida qaror chiqarishni bilish kerak. Bu hayotimdagi eng ajoyib g‘alabalardan biri bo‘lgan. Biz 0:1 hisobida yutqazmagandik, biz juda qaltis vaziyatda 3:2 ga yutganmiz”, — deydi Mourinyo.

Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra finalga yo‘l olgan “Inter” hal qiluvchi bahsda “Bavariya”ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan holda bosh sovringa ega chiqadi. O‘sha mavsum milanliklar A Seriya va Italiya Kubogida ham zafar kuchgan holda trebl qayd etgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!