Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda “Adolat” partiyasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov ma’lum qilgan.

Foto: “Daryo”

Loyiha bilan sohaga bir qator muhim yangiliklarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Xususan, kodeksga “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati” nomli yangi bob kiritiladi. Unda, jumladan, yer uchastkalaridan foydalanishda, qurilishga ruxsat berishda, aholi punktlari, bino va inshootlarni loyihalash hamda qabul qilishda, fuqarolar manfaatlariga daxldor bo‘lgan masalalarni hal qilishda aholisi tomonidan jamoatchilik muhokamalari va eshituvlari o‘tkazilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, loyihada qaysi hollarda fuqarolardan yer uchastkalarini olib qo‘yish mumkinligi belgilanmoqda.

Xususan, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yerlar:

  • yerlarni mudofaa va davlat xavfsizligi, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar ehtiyojlari uchun, erkin iqtisodiy zonalarni yaratish va faoliyat ko‘rsatishi uchun berish;
  • O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarish;
  • foydali qazilmalar konlarini aniqlash va ishlash;
  • avtomobil va temir yo‘llar, aeroport, aerodrom, aeronavigatsiya obyektlari va aviatexnik markazlar, temir yo‘l transporti obyektlari, ko‘priklar, metropoliten tunnellari, energetik tizim va elektr uzatish liniyalari obyektlari, aloqa liniyalari, kosmik faoliyat obyektlari, quvur o‘tkazgichlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi;
  • ta’lim va davolash muassasalari, internatlar va mehribonlik uylarini, jumladan, davlat-xususiy sherikchilik doirasida qurish;
  • maydonlar, shuningdek, istirohat bog‘lari, alleya, bulvar, dam olish zonalari, ko‘llar, suv omborlari, hovuzlar va boshqa rekreatsiya obyektlarini qurish;
  • aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘laridan va davlat tashkilotlari mablag‘laridan moliyalashtiriladigan obyektlar qismida bajarish uchun olib qo‘yilishi mumkin.