Fransiya hukumati koronavirus sabab bekor qilingan diniy marosimlarni qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konfessiyalar (dindorlar ittifoqi) bilan kelishib oldi. Bunda oraliq masofa bir metr saqlanishi, barcha niqob taqishi va qo‘lni dezinfeksiyalashi kerak. Bu haqda mamlakat IIV rahbari Kristof Kastanerga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Vazirlik o‘zining saytida Kastaner konfessiya vakillari bilan diniy marosimlarni qayta yo‘lga qo‘yish shartlari va sanitariya xavfsizlik choralari borasida kelishib olganini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, bu boradagi tegishli qaror yaqin soatlarda e’lon qilinadi va darhol kuchga kiradi.

“Ibodat joylari boshqa jamoat joylari kabi ‘to‘siq’larga (kasallanishdan himoyalanish choralari — tahr.) ega bo‘lishi, shuningdek, jismoniy masofalanish choralariga rioya qilinishi kerak. Ushbu talablarning bajarilishiga ibodat joyining boshlig‘i javobgar hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.

Tashkilotchilar odamlar orasida kamida bir metr masofalanish bo‘lishini ta’minlashi kerak. “Diniy marosimlar vaqtida himoya niqobini taqish majburiy”, — deya ta’kidlanadi xabarda.

Asosiy e’tibor binolarning kirish va chiqish qismiga qaratiladi. Diniy tashkilotlar odamlar oqimini nazorat qilish, shuningdek, bino ichida to‘planishlarga yo‘l qo‘ymadigan mas’ul shaxslarni tanlab olishi kerak.

Bu kabi qoidalarga rioya qilinmagan holda prefektlar departamenti ibodat joylarining ochilishini taqiqlashi yoki yopib qo‘yishi mumkin.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiyada koronavirusga chalinganlar soni 182 015 kishiga yetgan, 28 218 bemor virus qurboniga aylangan.