Janubiy Koreyada o‘tgan bir sutkada 23 kishi koronavirusga chalinib, qayd etilgan kasallanishlarning umumiy soni 11 165 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi (KCDC) ma’lumotlariga tayanib.

Foto: Reuters

So‘nggi sutka davomida 32 kishi kasallikdan tuzalib, mamlakat bo‘ylab sog‘ayganlarning umumiy soni 10 194 nafarga yetgan. Virus qurbonlari soni esa 266 nafarni tashkil qilmoqda.

Janubiy Koreyadagi bitiruvchi sinf o‘quvchilari 20-maydan boshlab onlayn ta’limdan so‘ng maktablarga qaytgandi. Biroq birinchi kundanoq ayrim shaharlarda koronavirusga chalinish holatlari qayd etilgan. Shu sababli aksariyat maktablardagi o‘quvchilar yana uyga qaytarilgan. Ikki o‘quvchi koronavirus yuqtirib olgan Inchxon shahrida hukumat voyaga yetmaganlarning barchasiga karaoke-klublarga borishni taqiqlab qo‘ydi. Karaoke xonalari esa barcha fuqarolar uchun butunlay yopildi.

Yangi kasallanish holatlari ko‘payishiga koronavirus borligi gumon qilingan va keyinchalik tasdiqlangan 29 yoshli yigitning 2-mayga o‘tar kechasi Kyongido provinsiyasidagi Yonin shahridan Seulning odam gavjum bo‘lgan Itxevon hududiga borgani va u yerda bir nechta klub va barlarga kirgani sabab bo‘lgan. Klublardagi boshqa shaharlardan dam olgani kelgan bir qator shaxslar ham virus yuqtirib olgan. Ayni paytda klub bilan bog‘liq holda kasallik yuqtirganlar soni 215 nafarga yetgan.

Kasallik avj olmasligi uchun hukumat barcha klublar va ko‘ngilochar maskanlarni 7-iyungacha yopgan. Kasallanganlar soni kamaygan taqdirda ham aholini hushyor turishga chaqirgan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirusga chalinish bilan bog‘liq aniqlangan barcha holatlarning 94 foizdan ortig‘ida kasallik alomatlarsiz kechgan. Bu esa mamlakatda aslida qancha odam kasallikka chalingan bo‘lishi mumkinligi haqida hukumatni o‘ylantirib qo‘ygan. Shu munosabat bilan 2020-yilda koronavirus antitanasini aniqlash uchun mamlakatdagi barcha aholini skrining tekshiruvdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreyada bir oylik pasayishlardan so‘ng 10-may kuni koronavirusga chalinganlar soni keskin oshgandi.