Janubiy Amerika koronavirus infeksiyasi tarqalishining yangi o‘chog‘iga aylandi. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturi rahbari Maykl Rayan ma’lum qildi.

Foto: Global Look Press

“Biz Janubiy Amerikaning ko‘plab mamlakatlarida kasallanishlar soni ortayotganini kuzatyapmiz”, — degan u va ular orasida koronavirus eng ko‘p tarqalayotgan Braziliya ekanligini ta’kidlagan.

Maykl Rayanning aytishicha, Braziliyada koronavirusga chalinganlar soni 290 mingdan oshdi, virus qurbonlari soni esa taxminan 19 ming kishini tashkil qilmoqda. Eng ko‘p kasallanganlar San-Pauluda qayd etilgan. Shuningdek, Rio-de-Janeyro, Pernambuku va Amazonas shtatlarida ham kasallanganlar bor. Uning ta’kidlashicha, Amazonas shtatida kasallik tarqalishi darajasi (kasallanganlarning aholi soniga nisbati) yuqoridir. U yerda 100 ming kishiga 490 nafar bemor to‘g‘ri kelmoqda.

Rayan JSST COVID-19’dan eng ko‘p jabrlangan Braziliya va uning shtatlariga yordam ko‘rsatayotganini bildirgan.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliyada COVID-19 koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 330 890 kishiga yetib, mamlakat koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha bunga qadar ikkinchi o‘rinda kelayotgan Rossiyadan (326 448 bemor) o‘zib ketdi.

19-may kuni Braziliyada COVID-19 bilan kasallanganlar soni bir sutka ichida rekord darajaga — 19,9 ming nafarga ko‘paygan va kasallanganlar soni bo‘yicha Britaniyadan o‘zib ketib, dunyoda 3-o‘ringa chiqib olgandi.

Avvalroq Braziliya senati raisida koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgandi. Braziliya prezidenti esa ikki marotaba koronavirusga test topshirgan va unda kasallik aniqlanmagan.