Koronavirus pandemiyasi Aydarko‘lda noyob baliqlar va o‘simliklarning ko‘payishiga xizmat qildi. Bu haqda “Xabar.uz” nashri ma’lumot bergan.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

O‘zbekistonda 15 ming 700 ga yaqin hayvon, 4 ming 500 ta oliy navli o‘simlik turi uchraydi. Navoiy viloyati hududidagi To‘dako‘l va Aydarko‘l suv havzalari joylashgan hududlarda ham fitoplankton, zooplankton, dafna, klorotka kabi suvosti o‘tlariga hamda Moyina Bentos qatlami mikroorganizmlariga boy. Shuningdek, o‘simlik dunyosidan qamish, yulg‘un, saksovul va boshqa turdagi yovvoyi turdagi o‘simliklar o‘sayotganligi kuzatiladi.

To‘dako‘l va Aydarko‘l suv havzalari atrofida o‘rdaklarning barcha turlari, yovvoyi g‘ozlarning uchta turi, kaklik, qirg‘ovul, ikki turdagi baklan, qorabaur, tulki, quyon, bo‘rsiq, yovvoyi cho‘chqa va boshqa turdagi jami 100 dan ziyod yovvoyi qushlar va hayvonlar yashayotganligi kuzatildi. Ushbu ko‘lda, asosan, oq amur, zog‘orabaliq, ilonbaliq, ikki turdagi do‘ngpeshona, laqqa, oqcha, tobon, vobla kabi turdagi baliqlar mavjud.

Navoiy viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassisi Zubayda Dushanovaning ma’lum qilishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekistonda joriy qilingan karantin davrida antropogen omillar ta’sirining susayishi sababli tabiiy suv havzalari insoniyat tomonidan ifloslanishi kamaygan. Bu o‘simlik va hayvonot olamining yaxshilanishiga, jumladan, tabiiy suv havzalarida, suv ostida o‘sadigan yigirmadan ortiq turdagi o‘tlar – xara, xlamidomonada, ulotriks, spirogira, kladofora; baliq turlaridan zog‘orabaliq, oq amur, do‘ngpeshona, laqqa, sudak, vobla kabi baliq chavoqlari turi ko‘payishi kuzatilgan.